Dzyudochilarimiz Toshkent Gran-Prisining ilk kunida uchta medalga ega chiqishdi

Poytaxtimizda dzyudo bo'yicha nufuzli Gran-Pri musobaqasi start oldi. Bugun o'tkazilgan bahslarda uch nafar hamyurtimiz sovrindorlar qatoridan o'rin oldi.

-60 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Diyorbek O'rozboev turnir davomida Eron, Germaniya va Mo'g'uliston vakillarini mag'lubiyatga uchratib, finalga yo'l oldi. Hal qiluvchi jangda u boshqa bir mo'g'ulistonlik sportchi Boldbaatar Ganbatga qarshi bahs olib bordi va imkoniyatni boy berib qo'ydi. Shu tariqa, hamyurtimiz Toshkent Gran-Prisining kumush medali bilan kifoyalandi. Qayd etish lozimki, ushbu nufuzli musobaqaga ayni paytda Toshkentda bo'lib turgan Xalqaro havaskor boks assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti G'ofur Rahimov ham tashrif buyurdi va sovrindorlarni taqdirlash marosimida ishtirok etdi.

Shuningdek, -66 kg vazn toifasida bahslarda qatnashgan Sardor Nurillaev finalga qadar Qirg'iziston, Rossiya, Mo'g'uliston, Ozarbayjon vakillaridan ustun keldi va hal qiluvchi bahsga etib bordi. Oltin medal uchun kechgan jangda hamyurtimiz sloveniyalik Adrian Kombokka qarshi tatamiga chiqib, mag'lubiyatga uchradi va kumush medalga sazovor bo'ldi.

Ushbu vaznda janglarda ishtirok etgan boshqa bir hamyurtimiz Shahram Ahadov Isroil, Serbiya vakillarini mag'lubiyatga uchratdi. Chorak finalda esa ozarbayjonlik raqibga imkoniyatni boy berib qo'ydi. Bronza medali uchun janglarda u Mo'g'uliston va Rossiya terma jamoasi vakillaridan ustun kelib, Toshkent Gran-Prisi sovrindoriga aylandi.

Shu tariqa, o'zbekistonlik dzyudochilar musobaqaning birinchi kunida 2 ta kumush va 1 ta bronza medallarini qo'lga kiritishdi.

Ertaga Toshkent Gran-Prisida erkaklar o'rtasida -73 kg, -81 kg, ayollar o'rtasida esa -63 kg va -70 kg vazn toifalarida bahslar o'tkaziladi.

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив