Hamidjon Aktamov: «Navoiylik yosh futbolchilarning kelajakda «Qizilqum» safiga kelib qo'shilishidan manfaatdormiz»

Qiziqarli va shiddatli kurashlar ostida kechgan uchrashuvlarga boyligi bilan yodda qolgan Superliganing 2018 yilgi mavsumi ham va nihoyat yakuniga etdi.

Ortda qolgan mavsum milliy chempionatimizda ko'plab yangiliklar amalga oshirildi. Chempionat formati o'zgardi, o'yinlar ikkita bosqichga bo'lingan holda o'tkazildi.

Professional Futbol Ligasi endilikda kelasi mavsum uchun tayyorgarlik jarayonini ham boshlab yubordi. Yaqinda “O'FA va O'zPFL tomonidan o'tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etuvchi futbol klublarini litsenziyalash va professional futbol klubi maqomini belgilash bo'yicha reglament” ishlab chiqildi. Klublar ushbu Reglament asosida kelasi mavsum uchun tayyorlab boriladi. 

Ya'ni yaqin yillar ichida o'z oldiga Pro liga yoki Superligada qatnashishni maqsad qilayotgan har qanday futbol klubi avvalo mazkur Reglamentda ko'rsatilgan talablarga har tomonlama javob bera oladigan tuzilmaga ega bo'lishi lozim bo'ladi.

Klublar oldiga qo'yilayotgan talablardan eng muhimi – o'z akademiyasiga ega bo'lish. Shu va boshqa talablardan to'liq xabardor bo'lish maqsadida Navoiyning “Qizilqum” jamoasi bosh murabbiyi Hamidjon Aktamov PFLga tashrif buyurdi va kelasi mavsum rejalarini bafurja muhokama etdi.

Hamidjon Aktamov “Qizilqum” klubining PFL tomonidan qo'yilayotgan talablar asosida sekin-asta o'z infratuzilmasini yaxshilab borish niyatida ekanini ta'kidladi.

- Ortda qolgan mavsum juda qiziqarli tarzda kechdi. Mavsum davomida ko'plab o'yinlarda umuman kutilmagan natijalar qayd etilganini ta'kidlay olaman. O'yinlar shiddati oshgani kishini quvontirdi. Qolaversa, 2018 yilda muxlislarning stadionlarga tashrifi chindan ortdi. Bunda o'yin oldi va tanaffus vaqtida tashkil etilgan turli ko'ngilochar tadbirlarning o'rni ham katta bo'ldi, deb o'ylayman. Mana shunday kontsert, aktsiyalarni keyingi yillarda ham davom ettirish tarafdoriman. Zero bu ham muxlislarni stadionlarga jalb etishda o'z samarasini berishiga 2018 yilgi mavsumda guvoh bo'ldik.

Ortda qolgan yilda chempionat saviyasini oshirish uchun ancha mehnat qilindi. Aksariyat uchrashuvlar TV orqali to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatildi. Bu – juda yaxshi amaliyot. Zero jamoalarning o'yinga kela olmagan uzoq joydagi muxlisi ham uchrashuvni jonli ko'rib, o'z jamoasi o'yinini kuzatib turish imkoniga ega bo'ldi. Lekin shuni ham ta'kidlab o'tishni istardimki, viloyatlardagi o'yinlarning ayrimlarida translyatsiya sifati u qadar yuqori bo'lmadi. Masalan, xavfli vaziyatlar takroriy lavhalari ko'p ham kutilganidek namoyish etilmadi. PFL ushbu jihatni ham inobatga olib, kelasi mavsumda Sport telekanali bilan ushbu masalaga ijobiy echim topsa yaxshi bo'lar edi.

Umuman olganda, ortda qolgan mavsumdan taassurotlar yomon bo'lmadi. Qilinayotgan ishlar milliy futbolimiz, ichki chempionatimiz saviyasini ko'tarish uchun amalga oshirilayotganini barchamiz ko'rib turibmiz.

Ayniqsa, “O'FA va O'zPFL tomonidan o'tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etuvchi futbol klublarini litsenziyalash va professional futbol klubi maqomini belgilash bo'yicha reglament” yaqin vaqt ichida klublar infratuzilmasini yaxshilashda o'z samarasini berishiga ishonch xosil qildim. To'g'risini aytsam, PFL rahbariyati oldiga kelib, yangi mavsum rejalarini muhokama etishdan oldin qo'yilayotgan talablar bajarish uchun biroz mushkuldek tuyulayotgan edi. Lekin barcha o'zimni qiziqtirgan masalalarni bafurja muhokama qilgach, ushbu talablarni bajarish imkonsiz ish emasligiga amin bo'ldim.

To'g'risi, PFL tomonidan har bir klubning o'z akademiyasiga ega bo'lishi lozimligi talab qilinayotganini ijobiy baholayman. Bu futbol poydevorini qo'yishda juda muhim omil. Biroq futbol akademiyasini qisqa vaqt ichida tashkil etish qiyin ekani bizni biroz o'ylantirayotgan edi. Aynan shu masalani muhokama etib olishni istagan edim.

PFL klublar oldiga qat'iy talablar qo'yayotgani bilan, o'z musobaqasida qatnashadigan jamoalarning ushbu talablarni bajarishida ularga ko'mak berish niyatida ekanidan ochig'i juda xursand bo'ldim. Biz yaqin kelajakda albatta o'z akademiyamizni quramiz. Biroq bunga sekin-astalik bilan tamal toshini mustahkam tarzda qo'yib borish niyatidamiz.

Shu sababdan ham endi O'FA huzuridagi Navoiy viloyati bolalar-o'smirlar hududiy futbol akademiyasi bilan yosh futbolchilarni tayyorlash bo'yicha shartnoma imzolaydigan bo'ldik. O'zaro shartnomaga ko'ra, “Qizilqum” klubi ham ayrim majburiyatlarni o'z zimmasiga oladi. O'z navbatida ma'lum huquqlarga ega ham bo'ladi. Eng muhimi – viloyatimizda yosh iste'dodlarni to'g'ri yo'nalishda tarbiyalab, ulardan yaxshi saviyadagi professional o'yinchi etishib chiqishida “Qizilqum” klubi ham o'z munosib xissasini qo'shish imkoniyatiga ega bo'ladi. Biz o'z shahrimiz va uning atrofidan bo'lgan o'yinchilarning keyinchalik viloyatimiz bosh jamoasi safiga kelib qo'shilishidan har tomonlama yutamiz. Bunday o'zaro manfaatli hamkorlikdan Navoiy viloyatidagi barcha futbolga befarq bo'lmagan kishilar xursand bo'lishiga ishonaman, - deya ta'kidladi Hamidjon Aktamov.

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив