Butunjahon shaxmat Olimpiadasi qahramonlariga Prezident sovg'alari – «Spark» avtomashinalari topshirildi

Xabaringiz bor, 24 noyabr - 2 dekabr kunlari Turkiyaning Konya shahrida o'smirlar o'rtasida Butunjahon shaxmat Olimpiadasi o'tkazilgan va musobaqa yakunlariga ko'ra o'zbekistonlik yosh aql-idrok sohiblari shohsupaning eng yuqori pog'onasidan o'rin egallagandilar.

Bugun ana shu Olimpiadada muvaffaqiyatli ishtirok etgan shaxmatchilarimizni taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. Shaxmat bo'yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o'smirlar sport maktabida tashkil etilgan marosimda O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari Aziz Abduhakimov, Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov, Maktabgacha ta'lim vaziri Agrepina Shin, Milliy olimpiya qo'mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutasaddilari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida Bosh vazir o'rinbosari Aziz Abduhakimov so'zga chiqar ekan, qo'lga kiritilgan muvaffaqiyat zamirida mamlakatimiz rahbari tomonidan sportga qaratilayotgan e'tibor, g'amxo'rlik turgani haqida gapirdi.

"Ushbu muvaffaqiyatingizdan Siz uchun barcha sharoitlarni yaratib berayotgan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev juda xursand bo'ldilar. Bugun mamlakatimiz rahbari nomidan Sizlarni tabriklash men uchun katta sharafdir. Siz musobaqada shaxmat olamida o'ziga yarasha nufuzga ega bo'lgan mamlakatlar - Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, shuningdek, Ukraina, Vengriya, Polsha, Moldova vakillarini mag'lubiyatga uchratdingiz. Bu esa g'alabangiz salmog'ini yanada oshirishi shubhasizdir.

Bugungi kunda mamlakatimiz rahbari tomonidan sportni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. U kishining qo'l ostida turli islohotlar va loyihalar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi albatta sportchilarimizga yanada yaxshiroq sharoitlar yaratishga qaratilgan. Sizlarning xalqaro arenada qayd etgan ushbu g'alabangiz biz to'g'ri yo'lda ekanligimizni yana bir bor tasdiqladi.

Bungacha aql-idrok sohiblarimizning mazkur o'yinlarda ko'rsatgan eng yaxshi natijalari 2004 yilda bo'lgandi. O'shanda sportchilarimiz uchinchi o'ringa ega chiqqandilar. Bu safar esa siz tarixiy natijani qayd etib, oldingizga qo'yilgan vazifani a'lo darajada bajardingiz.

Sizlardan kelajakda umidimiz katta. Ishonamanki, erishilgan muvaffaqiyat bilan to'xtab qolmaysizlar va kelajakda o'zbek shaxmati tarixida yangi sahifa ochishda davom etasizlar", - dedi Bosh vazir o'rinbosari.

So'ngra O'zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o'rinbosari Husan Turdaliev so'zga chiqib, yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirdi.

Shundan so'ng shaxmat Olimpiadasi qahramonlari - Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboev, Shamsiddin Vohidovlarga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg'asi - "Spark" avtomobillari topshirildi.

Ma'lumot uchun, terma jamoamizning yana bir a'zosi, 12 yoshli Javohir Sindarov oktyabr oyida xalqaro grossmeyster unvoniga sazovor bo'lgani uchun Shavkat Mirziyoev tomonidan 3 xonali uy bilan taqdirlangandi.

Murabbiy Saydali Yo'ldoshevga esa Milliy olimpiya qo'mitasi nomidan 15 000 000 so'm miqdoridagi mukofot puli taqdim etildi.

Marosimda so'zga chiqqan Nodirbek Abdusattorov ko'rsatilayotgan bunday e'tibor, g'amxo'rlik uchun o'z minnatdorchiligini bildirib o'tdi. Ushbu rag'batga javoban bundan keyin ham yuksak marralarni zabt etishga va'da berdi.

Taqdirlash marosimi yakuniga etganidan so'ng Bosh vazir o'rinbosari Aziz Abduhakimov va Nodirbek Abdusattorov o'rtasida shaxmat bo'yicha o'rtoqlik o'yini tashkil etildi. Do'stona ruxda kechgan uchrashuv durang hisobda yakunlandi.

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив