Akbar Ismatullaev: «Ortda qolgan 2018 yilgi mavsum esda qolarli tarzda o'tdi»

PEPSI  Superliga-2018 o'z nihoyasiga etdi. Butkul o'zgacha tartibda o'tkazilgan milliy chempionatimizning 2018 yilgi mavsumi siz-u bizga bir qancha shiddatli uchrashuvlar, kutilmagan natijalarni taqdim etdi.

Bekobodning “Metallurg” jamoasi 2018 yilni ancha ko'tarinki ruhda o'tkazdi. Bekobodliklar Superliganing eng etakchi jamoalari uchun har vaqt “bosh og'rig'i" bo'la olishdi. Yakunda jamoa 5-o'rinni band etdi. Bunda jamoa etakchilaridan biri Akbar Ismatullaevning xissasi beqiyos bo'lganini alohida qayd etish joiz.

Mahoratli futbolchi PFL rasmiy saytiga mavsum taassurotlari bilan bo'lishdi.

- 2018 yilgi futbol mavsumi ancha yodda qolarli bo'ldi, desam adashmayman. Milliy chempionatimiz butkul yangicha formatda tashkil etildi. Jamoalarning 6 tadan 2 ta guruhga ajratilishi sabab chempionat startidanoq o'yinlar ancha shiddatli va murosasiz kechganini ta'kidlay olaman. Jamoalar bu yil har bir ochko uchun chindan jiddiy kurash olib borishdi.

Yana bir jihatni alohida qayd etgan bo'lardim, ortda qolgan mavsumda chempionatimiz tashkilotchilik jihatidan ancha o'sdi. Kelasi yili mana shu o'sishni davom ettirish kerak, deb o'ylayman. Tashkil etilgan oilaviy sektorlar, o'yin oldidan har xil kontsert dasturlarining uyushtirilgani muxlislarni stadionga kelishga chorlay oldi. Natijada muxlislar stadionga ko'proq kela boshladi va bu o'yinchilarning kayfiyati va ruhiyatiga ijobiy ta'sir o'tkazdi. Zero o'yinchi ham muxlis to'la stadionda o'zgacha zavq bilan to'p suradi.

Kelasi yilda mana shunday yaxshi amaliyotlarni davom ettirish kerak. Yana o'yinlar translyatsiyasi masalasi ham bu yil ancha “jonlandi”. Uyda ota-onalarimiz ham o'yinlarimizni jonli tomosha qilish imkoniga ega bo'lishdi. Mana shunday yangiliklar 2018 yilda kam bo'lmadi. Ularni 2019 yilda yanada ko'paytirish lozim.

Umuman olganda, ortda qolgan 2018 yilgi mavsum juda esda qolarli tarzda o'tdi. “Metallurg” jamoasi deyarli 90 foizga yangilandi. Murabbiylarimiz yaxshi jamoa shakllantirishga urinishdi. Natijada mavsumni kuchlilar safida 5-o'rinda yakunladik. Qayd etgan natijamizdan mamnunman. O'zim ham imkon qadar jamoam muvaffaqiyatiga xissa qo'shishga urindim. O'yinimga bahoni muxlis va murabbiylar bergani ma'qul. Men esa hamisha yaxshi formada bo'lish uchun intilishda davom etaveraman, - dedi mahoratli futbolchi.  

“Metallurg” jamoasi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив