Atiga 1,12 santimetr yoki «Hawk-eye» tizimining effekti

«Manchester Siti» qishning asosiy o'yinida «Liverpul»ni APL-2018|2019 doirasidagi birinchi mag'lubiyatga yo'liqtirdi - 2:1. «Shaharliklar» shuning barobarida chempionlik «intriga»sini qayta jonlantirishdi. Ayni payt APL turnir jadvali peshqadamlarini 4 ochko ajratib turibdi.

Lekin hammasi boshqacha rivojlanishi ham hech gap emasdi, agarda golni avtomatik ravishda aniqlovchi tizim bo'lmaganida... Ha, markaziy uchrashuvning eng qaltis vaziyatlaridan biri 18-daqiqada kuzatildi: avvaliga Sadio Mane darvoza ustunini nishonga oldi, keyin Jon Stounz jon holatda to'pni oldinga tepgach, u darvozabon Edersonga tegib, yana «manzil» tomon yo'naldi. Lekin himoyachining o'zi qandaydir mo''jiza tufayli to'pni darvoza chizig'i ustidan qaytarishga ulgurdi.

Translyatsiya vaqtida ham, hattoki, takroriy lavhalar namoyishida ham toza gol bo'lgandek ko'rindi. Xullas, bu holatda «Manchester Siti»ni faqat to'p chiziqdan to'liq o'tgan-o'tmaganini 100 foiz aniqlik bilan «tasdiqlovchi» Hawk-Eye tizimi qutqarib qoldi. Aytish o'rinli, bu tizimning bexato ishlashini stadion perametri bo'yicha o'rnatilgan va darvozalarga qaratilgan 14ta kamera ta'minlaydi.

Oddiy aytganda, to'p chiziqdan to'liq o'tishi hamono hakamning qo'l soatiga signal tushadi. O'sha vaziyatda esa signal tushmadi va bosh hakam - Entoni Teylor o'yinni davom ettirdi. Hammasi to'g'ri - maxsus videotasvirda «Liverpul»ning golni nishonlashiga qandaydir 1,12 santimetr etmagani aniqlandi. Bordiyu, referi gol qayd etganida, «Liverpul» qolgan daqiqalarda qarshi hujum taktikasi asosida harakatlanib, «Siti»ni qiynab qo'yishi hech gap emasdi.

Darvoqe, ayni shu Hawk-Eye tizimi yaqinda «Roma»ni ham goldan qutqarib qolgandi. «Sassuolo»ga qarshi kechgan o'yinda 1:0 hisobi qayd etilayotgan pallada Patrik Shik to'pni o'z jamoasi darvozasi tomon burib yubordi.

Shunda «Sassuolo» futbolchilari qo'llarini yuqoriga ko'targancha hakamdan golni inobatga olishni talab qilishdi. Shu lahzada translyatsiyada videotakror namoyish etildiki, tizimning naqadar aniq ishlashi ko'pchilikni hayratga soldi. Umuman, VAR, Hawk-Eye va boshqa texnologiyalar futbolga ijobiy ta'sir o'tkazmoqda.

Xususan, FIFA prezidenti Janni Infantino ham shunday fikrda: «Tan olaman, avvaliga bu masalaga qarashim ijobiy emasdi. Lekin endi ko'ryapmizki, videotakrorlar tizimi hammaga ma'qul bo'lmoqda. Perluiji Kollina bilan muhokamalar chog'i texnologiya aralashuvi o'yin sifatiga putur etkazishi mumkinligidan xavfsiragandik. Yakunda esa futbol adolatliroq bo'ldi. Shunday ekan, endi har qanday sharoitda ham, ushbu texnologiyalarga qarshi chiqmayman».

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив