Qarg'ish tekkan «to'qqizlik»

Gonsalo Iguainning «Milan»dagi omadsizligi nafaqat mutaxassislar, balki jamoa va argentinalik yulduzga nisbatan betaraf pozitsiyada bo'lgan muxlislarni ham o'yga toldiradi:

«Nima uchun o'z xohish-ixtiyori bilan kelgan hujumchi talab darajasida to'p sura olmadi?»

Bu boradagi turli taxminlar orasida raqam bilan bog'liq ajabtovur bir fakt e'tiborni tortdi. 2012 yilda Filippo Inzagi «Milan»dagi faoliyatini yakulaganidan keyin uning raqamini meros qilib olgan vorislar afsonaga xos mahsuldorlikni ko'rsata olmayaptilar.

Futbol olamiga «Pippogol» nomi bilan tanilgan 9-raqam sohibi 11 yil «rossoneri»ga sadoqat bilan xizmat qilib, 202 marta maydonga tushgan va 73ta gol urgandi.

Jumladan, 2007 yildagi EChL finalida «Liverpul» darvozasini ikki bor ishg'ol etgandi. Taajjubki, shundan keyin SuperPippo raqamiga ixlos qilgan hujumchilardan omad yuz o'girmoqda.

Boz ustiga, ularning «San-Siro»dagi davri yarim, uzog'i bilan bir yildan nariga o'tmayapti. Oqibatda jamoa saviyasi shunchalik pasayib ketdiki, «Milan»da nafaqat 9, balki barcha raqamlarga qarg'ish tekkandek, go'yo. Lekin ularda 9dagi davomiylik kuzatilmaydi. Keling, Inzagining izdoshlari faoliyatini ko'rib chiqaylik. 

ALEShANDRO PATO. 2012-2013

Chempionatda: 4 uchrashuv, gol yo'q

EChLda: 3 uchrashuv, 2 gol

E'tiroz bildirishga oshiqmang, aziz muxlis. Pato o'z faoliyatining kattagina qismini 7 raqami ostida samarali o'tkazganidan xabardormiz. Lekin Pippodan keyin braziliyalik hujumchi «9»ni oldi, «7» esa Robino ixtiyoriga o'tgandi. Biz faqat Patoning «mashhur» raqam bilan qayd etgan natijalari ustida to'xtaldik. O'shanda u belidagi jarohatdan jafo tortgan va yurtiga qaytib ketgandi. Keyin Aleshandro «Chelsi» va «Vilyarreal»da omadini sinab ko'rdi. Hozir u Xitoyda to'p surmoqda. Ha, vaqti-vaqti bilan «Milan» 29 yoshli sobiq a'zosini eslab turadi. Ammo jiddiy taklifdan darak yo'q.

ALESANDRO MATRI. 2013-2014

Chempionatda: 15 uchrashuv, 1 gol

EChLda: 3 uchrashuv, gol yo'q

Milanliklar sermahsul hujumchini qo'lga kiritish yo'lidagi izlanishlarni davom ettirishdi. O'sha vaziyatda «Yuventus»da risoladagidek to'p surayotgan (69 o'yin, 27 gol) «Milan» tarbiyalanuvchisi eng maqbul nomzod edi. Hujumchini ortga qaytarish uchun jamoa 11 mln. evrodan voz kechdi, Allegri etarlicha ishonch bildirdi. Biroq Matri imkoniyatlardan foydalana olmadi. Oxir-oqibat, o'ta sust va beo'xshov o'yin ko'rsatgan hujumchi «Fiorentina»ga «surgun» qilindi. Uning «San-Siro»dagi takroriy faoliyati esa omadsiz transferlar ro'yxatidan joy oldi.

FERNANDO TORRES. 2014-2015

Chempionatda: 10 uchrashuv, 1 gol

«O'z o'g'loni»ni ortga qaytargach, milanliklar taktikani o'zgartirishdi. Torresning ijaraga olinishi Gallianining o'ziga xos yurishi bo'lib, shu asnoda taniqli hujumchi uchun pul sarflashdan forig' bo'lindi. Tabiiyki, ispaniyalik goleador Milanda ham odatiy raqamini tanladi. Ammo uning avvalgi «El Nino» emasligi tez orada sezilib qoldi. «Chelsi»dagi omadsiz mavsumlar Torresga salbiy ta'sirini o'tkazgandi. Bundan tashqari, hujumchi «Milan»da o'z o'rnini topa bilmadi - jamoada talab darajasidagi ishonchni qozona olmaganini keyinchalik Fernando ochiq-oydin tan olgandi.

Xullas, Torres ham Matrining qismatini takrorladi va «Atletiko»ga yo'l oldi. Buning uchun hujumchi Simeonega rahmat aytsa, arziydi.

MATTIA DESTRO. 2015

Chempionatda: 15 uchrashuv, 3 gol

Qishda «rossoneri» yana bir marta muxlislar ko'ngliga g'ulg'ula solib, Torresni Alessio Cherchiga almashtirdi, hujum markaziga esa «Roma»dan Mattia Destro taklif etildi. Debyutant ko'p o'ylab o'tirmasdan, 9 raqamini oldi. Lekin jamoa o'yinida ijobiy o'zgarishlar kuzatilmadi. O'sha mavsum zamonaviy «Milan» tarixidagi eng quyi nuqta bo'ldi. Ha, aynan SuperPippo rahbarligida «rossoneri» 10-o'rinni band etdi. To'g'ri, Destro muntazam ravishda maydonga tushdi, hatto «Roma» darvozasiga gol ham urdi. Biroq yakuniy natija qoniqarsiz bo'ldi va «Milan» hujumchini xarid qilish imkoniyatidan voz kechdi.

LUIS ADRIANO. 2015-2016

Chempionatda: 26 uchrashuv, 4 gol

Kubokda: 3 uchrashuv, 2 gol

Iqtidorli hujumchi nisbatan ancha arzon bahoda (8mln. evro) xarid qilingan bo'lsada, Milanda shunga yarasha samara berolmadi. Birinchidan, Luis yangi jamoa muhitiga moslasha olmadi. Yodingizda bo'lsa, «Shaxtyor»dagi faoliyati davomida u raqib himoyachilarini o'ziga chorlab, jamoadoshlari uchun bo'shliq yaratish hadisini olgandi. Milanda bu ayyorligi ish bermadi. Qolaversa, asosiy hujumchi roli Karlos Bakka ixtiyorida edi. Risoladagidek kechmagan mavsumdan keyin Adriano omadsiz «9»ni «7»ga almashtirib ko'rdi. Ammo vaziyat o'zgarmadi. Oxir-oqibat, yarim yil zaxirada «dam» olgan hujumchi «Spartak» taklifini qabul qildi.

JANLUKA LAPADULA. 2016-2017

Chempionatda: 27 uchrashuv, 8 gol

Kubokda: 1 uchrashuv, gol yo'q

Superkubokda: 1 uchrashuv, gol yo'q

Buni qarangki, qanchadan-qancha taniqli hujumchilardan ko'ra ko'pchilikka tanish bo'lmagan Lapadula qarg'ish tekkan raqam ostida muvaffaqiyatli to'p surdi. O'z vaqtida Janluka «D» seriya va Sloveniya chempionatida o'ynagan, «Peskara»dagi sermahsul mavsumdan (2015|2016, 27 gol) keyin Inzagining navbatdagi vorisiga aylangandi. Albatta, nomdor jamoa sharafini munosib himoya qilish ancha ulg'ayib qolgan hujumchi uchun oson bo'lmadi. Lekin Lapadula doimo bor kuch-mahoratini safarbar etib to'p surdi, «quruq« o'yinlar seriyasiga chek qo'yganida quvonch yoshlarini tiya olmaganligi undagi kuchli ishtiyoqning nishonasi edi. Shijoatli hujumchining 8 goli «rossoneri»ning evrokuboklarga qaytishiga yordam berdi. Lekin jamoaga mos emasligini tushunib etgan Lapadula Milanni tark etdi.

ANDRE SILVA. 2017-2018

Chempionatda: 24 uchrashuv, 2 gol

Kubokda: 2 uchrashuv, gol yo'q

ELda: 14 uchrashuv, 8 gol

So'nggi omadsiz xaridlardan biri. Portugaliya terma jamoasining yosh va iqtidorli hujumchisi uchun milanliklar Yunxun Li sarmoyalaridan 38 mln. evroni «Portu»ga sarfladilar. Afsuski, Andre o'z salohiyatini to'liq namoyish eta olmadi. Ichki musobaqa va EL o'yinlarida yuzaga kelgan nomutanosiblik hujumchidagi o'ziga bo'lgan ishonchni so'ndirdi. Muxlislar va OAVning kuchli bosimi Silvaning o'ziga kelib olishiga imkon bermadi. Chunki Milandan Ispaniyaga yo'l olgan hujumchi «Sevilya»da yuksak mahsuldorlikni namoyish etdi.

GONSALO IGUAIN. 2018

Chempionatda: 15 uchrashuv, 6 gol

Kubokda: 1 uchrashuv, gol yo'q

Superkubokda: 1 uchrashuv, gol yo'q

ELda: 5 uchrashuv, 2 gol

Hikoyamiz sababchisi bo'lgan «mashhur» 9 raqamining so'nggi sohibi, superto'purar maqomidagi yorqin yulduz. Gonsalo «Napoli»da sermahsul o'ynadi, «Yuventus»da muhim gollarni urdi, ammo Milanda omadsizlikka duch keldi. Buning sabablari juda ko'p. Markaziy chiziqning talab darajasida emasligi, sport direktori Leonardoning sovuq munosabati... Eng asosiysi, Iguainning grand jamoadan judo bo'lganligi. Garchi moddiy tomondan manfaatliroq bo'lsa ham. Oqibatda hujumchi 7 uchrashuvda raqiblari darvozalariga yo'l topa olmadi, «Yuventus»ga qarshi bahs esa qo'shaloq omadsizlik bilan yakunlandi - ko'kka sovurilgan penalti va qizil kartochka! Xullas, 9-raqamli argentinalik goleadorning «San-Siro»dagi faoliyati ham yarim yo'lda... yo'g'-e, yarim yilda poyoniga etdi.

XULOSA

Ha, 1 emas, 2 emas, naq 8 nafar taniqli iqtidor sohiblari «Milan»dagi 9-raqam ostida muxlis-u mutaxassislar talabi darajasida to'p sura olmadilar. Balki bu tasodifdir? Yo'q, salkam bir jamoa soniga teng futbolchilar omadsizligini tasodifga yo'yish - bema'nilik. Ilohiy kuchlar ta'sirimi? Yo'q, qoniqarsiz ishtirok omillari yaqqol ko'rinib turibdi. Uning asosiy sababi «rossoneri» tizimidagi pala-partish selektsiya oqibatida yuzaga kelgan umumiy inqiroz bilan bog'liq. Qaerdadir tejamkorlikka zo'r berilgan, boshqasida jarangdor nom uchun asossiz xarajatlarga yo'l qo'yilgan.

Yana bir asosiy sabab shuki, 9 raqamini tanlaganlar katta mas'uliyatni ham o'z zimmalariga olishgan. Nomdor jamoalarda 1dan 11gacha bo'lgan raqamlar alohida e'tiborda turadi. «Milan» ham bu an'anadan chetda emas: afsonaviy Paolo Maldini va Franko Barezilar sharafiga 3 va 6-raqamlar «muomala»dan chiqarilgan. Amalda bu shuni anglatadiki, dongdor raqamni tanlagan o'yinchi yuksak darajada to'p sura olmasa, ta'na-dashnomlar tagida qoladi. Andre Silva shunday zarbalarga duch kelgandi. «San-Siro»dagi haqoratomuz hushtakbozliklarni avvaldan his eta olganida, balki Silva soddaroq raqamni olarmidi... Izzat-nafsi yo'l qo'ymasa-chi, deysizmi? Bunga Maksim Shatskix misoli bilan javob qaytarish mumkin. Kievning «Dinamo»siga o'tganida Maks 10-raqamli libosda maydonga tusha boshlagandi. Lekin Andrey Shevchenkoga tegishli raqam uning uchun ortiqcha dahmaza ekanini tezda anglab, «16»ga o'tdi. Shundan keyin Maks o'zini ruhiy jihatdan ancha erkin his eta boshladi.

Qo'shimcha sifatida yana shuni ham ta'kidlash lozimki, hozir futbol olamida saviyali markaziy hujumchi tanqisligi yuzaga kelgan. 9 raqamidan aynan shu pozitsiyada o'ynaydigan futbolchilar foydalanadilar. Lekin «Milan»ning yangi xaridi - Kshishtof Pyontek bu borada to'g'ri yo'lni tanladi. Ya'ni, polshalik hujumchi «rossoneri» safidagi debyutini «Jenoa»dagi odatiy 19 raqami ostida maydonga tushgan holda nishonladi.

Bu bizga o'xshagan xolis muxlislar uchun ham ahamiyatli. Birinchidan, qarg'ish olgan «to'qqizlik» mavzusiga nuqta qo'yildi. Ikkinchidan, yaqinda raqamning omadsizlikda tutgan o'rni xususida aniq javobga ega bo'lamiz. Buning uchun Pyontekning «Milan»dagi ishtirokini kuzatib borishimiz kifoya qiladi.

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив