Toshkentdagi tomosha

Hozirgina yakunlangan sahna asari stadionga yig'ilgan muxlislarni sira quvontirmadi. Sababi, asar senariysi juda jo'n yozilgani etmagandek, asar so'ngiga bormay voqealar rivoji qanday yakunlanishini ko'pchilik sezib qoldi. Birinchi bo'limda, e yo'g'e,  birinchi parda chog'ida oqlardan biri sal qolsa improvizatsiya qilib yuborishiga bir bahya qoldi…

Ikkinchi pardada  asarning kulminatsion nuqtasini kutib,  tomoshani oxirigacha ko'rgan muxlislarning  hafsalasi pir bo'ldi. Bu sahna ko'rinishidagi qahramonlar orasida  qurbonlar bo'lmadi, hech kim alamli ko'z yosh to'kmagani etmagandek, asar so'ngida maqsadiga etgan tomon ham ortiqcha emotsiyalarsiz sahna ko'rinishiga yakun yasadi...

Omadsiz yakunlangan spektaklda ko'pchilik  aybni rejissyordan qidirishi aniq. Mahalliy yigitlarni yangi darajaga olib chiqishi kutilgan horijlik mutaxassis juda saviyasiz  sahna ko'rinishi evaziga o'z obro'siga putur etkazib qo'ydi… Asosiysi, voqealar rivoji biz uchun ijobiy yakunlandi. Hozirgi holatimizda bundan boshqa narsa bilan o'zimizni ovuta olmaymiz.  Nima ham der edik…

Hazil o'z yo'liga, biroq tanganing ikkinchi tomoni ko'pchilikning e'tiboridan tashqarida qolmoqda.  Tailandda bo'lib o'tadigan turnirga akalarining sharofati bilan «Amaldagi chempionlar» unvoni bilan tashrif buyuradigan Olimpiya terma jamoamizning yigitlaridan bu tarzda foydalanish to'g'rimikan? O'zbek futbolida aynan shu illatga qarshi ochiqchasiga kurash borayotgan bir paytda bu tomosha ko'pchilikda shubha uyg'otdi.

Katta yo'l oldida turgan yigitlarimiz shu yoshidanoq futbol nayranglariga aralashib qolishmadimi?  Balki, bu uchrashuv aslida bizga ko'ringandek o'tmagandir, balki bizga shunday tuyulgandir, yana kim biladi deysiz? Uchrashuv qanday o'tganini hamma ko'rdi va o'zi uchun xulosa chiqardi. Ilohim, shubhalarim xato bo'lib chiqsin. Aks holda, bunday boshlangan yo'lning oxiri ko'pincha  manzilga olib bormaydi.

Ya.U

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив