O'FAda Superliga hakamlari bilan ochiq muloqot bo'lib o'tdi

O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan uchrashuvlarda halol va adolatli hakamlikni ta'minlash, shaffoflikni oshirish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganidan xabaringiz bor. Coca Cola Superliga 8-turidan o'rin olgan uchrashuvlarda hakamlar tomonidan qabul qilingan ba'zi qarorlar futbol muxlislari va mutaxassislar o'rtasida qizg'in muhokamalarni keltirib chiqardi.  

O'yinlarda yuzaga kelgan vaziyatlarni tahlil qilish, hakamlar faoliyati mavzusida fikr almashish maqsadida bugun O'zbekiston futbol assotsiatsiyasida ochiq muloqot bo'lib o'tdi.

Ochiq muloqotda O'FA Hakamlar va nazoratchilar departamenti mutaxassislari, FIFA referisi Ravshan Ermatov boshchiligidagi Superliga hakamlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. Dastlab, yig'ilganlarga O'FA Hakamlar va nazoratchilar departamentining yangi rahbari Bekzod Aripov tanishtirildi

"Avvalmbor, O'FA rahbariyati, jumladan, Birinchi vitse-prezident Umid Muhammadjonovichga menga bildirilgan yuksak ishonch uchun minnatdorchilik bildirib o'tmoqchiman. Ana shu ishonchni oqlash uchun bor kuch va mahoratimni ishga solishga, milliy chempionatimizdagi hakamlik adolatli va shaffof bo'lishini ta'minlashga harakat qilaman", - dedi Bekzod Aripov.

Shundan so'ng, FIFA referisi Ravshan Ermatov so'z olib, hakamlikning o'ziga xos jihatlariga to'xtalib o'tdi. Jumladan, hakamlar o'yin paytida katta bosim ostida soniyalar ichida qaror qabul qilishi kerakligi, bunday vaziyatlarda insoniylik omili tufayli xatolar yuzaga kelishi mumkinligini aytib o'tdi.

"Har bir vaziyatni baholashda FIFA tomonidan belgilangan 6ta kriteriy bor. 3tasi sariq kartochka, 3tasi qizil kartochka bilan bog'liq. Hakam 1 soniyada mana shu vaziyatlarni miyasida ko'rib chiqib, eng to'g'ri variantni tanlashi kerak, - dedi Ravshan Ermatov. - Biz har bir o'yindan keyin uchrashuvlarda ro'y bergan bahsli vaziyatlarni tahlil qilib chiqmoqdamiz. Bizda videoyozuvlar orqali takroriy vaziyatlarni ko'rish imkoniyati bor. Hakamlarda esa bunday imkoniyat yo'q. Ular shu zahoti qaror qabul qilishlari kerak. Bu juda murakkab jarayon. Shunga qaramay, biz hakamlarning mahoratini oshirib borish uchun turli seminarlar tashkil qilmoqdamiz. Mazkur seminarlarda ularning xatolari tahlil qilinadi, o'z ustilarida ishlash uchun hakamlarga maxsus topshiriqlar beriladi. Hozirda hakamlar har oy normativ topshirishmoqda. Jismoniy holatlarini yaxshilash borasida ham katta hajdagi ishlar olib borilmoqda".

Shundan so'ng, yig'ilganlarga Superliga 8-turidan o'rin olgan o'yinlarda yuzaga kelgan bahsli vaziyatlar videoyozuvi namoyish qilindi. Jumladan, "Paxtakor" - "Navbahor", "Metallurg" - "Lokomotiv", "Dinamo" - AGMK o'yinlarini boshqarib borgan hakamlar Zokir Qodirov, Aziz Asimov va Valentin Kovalenko o'sha o'yinlardagi bahsli qarorlari bo'yicha ommaviy axborot vositalari xodimlariga tushuntirish berib o'tdilar. 

Jumladan, ba'zi takroriy vaziyatlarda rakurs etarli bo'lmagani bois hakamlarning qabul qilgan qarorlari muxlisu jurnalistlarda turli tushunmovchiliklar paydo qilgani ta'kidlandi. O'sha vaziyatlar bo'yicha voqea ro'y bergan joyga yaqin turgan hakamlarning o'zi izoh berib, vaziyatga oydinlik kiritishdi.

Jurnalistlar ochiq muloqot davomida o'zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi, qizg'in bahsu munozaralarga kirishishdi.

Ta'kidlash kerakki, OAV xodimlari va hakamlar yuzma-yuz o'tirib, o'yindagi bahsli vaziyatlarning bunday tahlil qilinishi birinchi marotaba tashkil etilmoqda. Kelgusida bunday ochiq muloqotlarni tez-tez o'tkazib turish uchun O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan barcha chora-tadbirlar ko'riladi.  

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив