OO'-2030 mezbonligi yo'lida: MOQda «ESL&Network» kompaniyasi mutasaddilari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

Ma'lumki, O'zbekiston 2030 yili bo'lib o'tadigan navbatdagi yozgi Osiyo o'yinlariga mezbonlik qilish uchun kurash olib bormoqda. Osiyo o'yinlari kabi yirik kompleks musobaqalarni o'tkazish manaman degan mamlakatlarning ham qo'lidan kelavermaydi. Buning uchun zamonaviy infratuzilmalar, kommunikatsiya vositalari, sport ob'ektlarining qurilishi va boshqa ko'plab omillar shay bo'lishi kerak.

Ayni shu yo'nalishda O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi jahonning etakchi kompaniyalari bilan hamkorlikni yo'lga qo'ymoqda. Bugun MOQga jahonga mashhur “ESL&Network” kompaniyasining Osiyo mamlakatlari bo'yicha mutaxassislari tashrif buyurdi. Ma'lumot uchun, “ESL&Network” dunyo miqyosida sport va madaniy sohalardagi yirik tadbirlarni tashkillashtirish va uni yoritish bo'yicha shuhrat qozongan kompaniyalardandir. Mutaxassislarni Jasur Matchanov qarshi oldi.

Yig'ilishda MOQ Bosh kotibi Osiyo o'yinlariga mezbonlik qilish yo'lida yurtimizda bu borada qanday ishlar amalga oshirilayotgani xususida aytib o'tdi.

“Yurtboshimiz tashabbusi bilan 2030 yili Osiyo o'yinlariga mezbonlik qilish bo'yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Sizga ma'lum bo'lganidek, biz bu Osiyo o'yinlarini Toshkent va Samarqand shaharlarida o'tkazishni niyat qilganmiz. Musobaqani tashkillashtirishda sizning tajribangiz bizga as qotadi. Biz buning uchun barcha ishlarni qilishga tayyormiz. Tayyorgarlik ham hozirdan boshlab yuborildi. Mamlakatimiz bo'ylab yirik sport ob'ektlari qurila boshladi. Bu borada Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, moliya vazirligi va barcha tashkilotlar bilan bir jamoa bo'lib ishlamoqdamiz”, – dedi Jasur Matchanov.

O'z navbatida kompaniya mutasaddilaridan biri Floren de Shanterak O'zbekistonning bu boradagi imkoniyatlari xususida aytib o'tdi.

“Hamkorlik borasida bizga murojaat qilganingiz uchun, avvalo, tashakkur. O'zbekiston yozgi Osiyo o'yinlarini qabul qilish imkoniyatiga ega. Albatta, bu uchun juda ko'p ish qilish kerak. Ko'rib turibmizki, davlatingiz rahbarining o'zi bu borada jonbozlik ko'rsatmoqda. O'zbekiston yosh va kuch-g'ayratga to'la mamlakat, deya ta'rif berish mumkin. Davlat yildan yilga rivojlanib bormoqda. Yurtingiz Osiyo o'yinlariga mezbonlik qilsa, bu sizlar uchun har tomonlama foydali. Negaki, mamlakat imidjini butun dunyoga ko'rsatib berishdan tashqari, uning rivojlanishi va taraqqiyoti ham tez suratda amalga oshishiga yordam beradi. Bizga kerakli barcha ma'lumotlarni taqdim qiling. Buni kompaniyamiz rahbariyati bilan o'rganib, qilinadigan ishlar borasida o'zimizning dasturimizni ishlab chiqamiz”, – dedi Floren de Shanterak.

Shuningdek, uchrashuv davomida mutaxassislar kompleks musobaqani qabul qilish uchun me'yorlar va belgilangan xalqaro standartlar borasida atroflicha ma'lumot berib o'tishdi. O'z navbatida Jasur Matchanov mezbon shaharlar va mamlakatimizning bu boradagi imkoniyati xususida mehmonlarga batafsil aytib berdi.

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив