O'FA: Bugun O'zbekistonda haqiqiy futbol bayrami bo'ldi

Bugun mamlakatimiz bo'ylab haqiqiy futbol bayrami bo'lib o'tdi. Milliy terma jamoa muxlislar bilan to'lgan "Milliy" stadionda Suriya terma jamoasini "er tishlatdi".

Yodingizda bo'lsa, Ektor Kuper milliy terma jamoamizga bosh murabbiy etib tayinlangach, dastlabki o'rtoqlik o'yinini aynan Suriya terma jamoasiga qarshi o'tkazib, 1:1 hisobida durangga erishgandi. Bugun g'alaba qozonildi.

Eng muhimi darvozamiz daxlsizligi saqlab qolindi. Kuper birinchi navbatda himoyada tartib o'rnatishga asosiy e'tiborni qarataman, degandi. O'tkazilgan o'rtoqlik o'yinlari himoyada tartib yuzaga kelayotganini ko'rsatmoqda. To'g'ri, hali xatolar, kamchiliklar bor. Lekin eng muhimi Kuper jamoani endi qabul qilib olgan paytga solishtiradigan bo'lsak, terma jamoamizda ancha o'sish ro'y berganini guvohi bo'lishimiz mumkin.

Buni bugun "Milliy" stadioniga tashrif buyurgan 32 ming nafardan ortiq muxlislar ham payqashdi. Darvoqe, muxlislar haqida. Bugun ular chin ma'noda 12-o'yinchi bo'lishdi. Qo'lga kiritilgan g'alabada, shubhasiz, ularning ham hissasi katta.

Kuper haqiqiy professional, atrofdagilardan ham professionallikni talab qiladi. Uning talabiga muvofiq barcha FIFA kunlaridan unumli foydalanib kelinmoqda. O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi Xalqaro aloqalar departamenti tomonidan ko'plab terma jamoalar bilan muzokaralar o'tkazilib, terma jamoalarimiz uchun sparring raqiblar bo'yicha kelishuvga erishilmoqda.

Jumladan, mart va iyun oylarida Urugvay, Turkiya kabi kuchli terma jamoalarga qarshi o'rtoqlik o'yinlari tashkil qilindi. Iyun oyidagi FIFA kunlarida uchta o'rtoqlik o'yini o'tkazildi. Turkiya, KXDR va Suriyaga qarshi. Bu o'yinlar sentyabrda boshlanadigan Jahon chempionati uchrashuvlaridan oldin milliy terma jamoamiz murabbiylari shtabi uchun juda foydali bo'ldi, deb bemalol ayta olamiz.

Kuper mazkur o'rtoqlik o'yinlarida tarkibga jalb qilingan deyarli barcha futbolchini sinab ko'rdi. O'ziga yarasha xulosalar qilib oldi. Quvonarlisi, har bir chiziq uchun bir necha nomzod futbolchi bor.

Terma jamoa birgina futbolchiga bog'lanib qolayotgani yo'q. Buning ustiga, iyun oyidagi o'rtoqlik o'yinlarida tarkibdagi barcha hujumchilar gol kiritishganini ham alohida ta'kidlash kerak. Bu esa eng og'riqli nuqtamiz bo'lgan hujum chizig'idagi muammolar ham asta-sekin bartaraf etilayotganidan darak beradi.

Milliy terma jamoadan tashqari bugun Olimiya terma jamoasi ham o'rtoqlik o'yini o'tkazdi. Kuchli terma jamoalardan biri bo'lgan Misrga qarshi. Andijondagi dastlabki o'rtoqlik o'yini kabi Namangandagi bugungi uchrashuvda ham vakillarimizning qo'li baland keldi. "Markaziy" stadioniga tashrif buyurgan muxlislar bir zum ham tinmay, olimpiyachilarimizni qo'llab-quvvatlab turishdi. Buning uchun ularga rahmat!

Olimpiya terma jamoamiz ham muhim musobaqaga tayyorgarlik ko'rmoqda. Misr kabi kuchli raqibga qarshi kechgan o'rtoqlik o'yinlari murabbiylarga tarkibni shakllantirish uchun ancha foydali bo'lishi aniq.

O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi barcha yoshdagi terma jamoamiz a'zolariga kuchli raqiblar bilan o'rtoqlik o'yinlari tashkil qilishda davom etadi.

Endilikda 17 iyul sanasini kutamiz. Shu kuni sentyabrda boshlanadigan JCh-2022 2-saralash bosqichidagi raqiblarimiz nomini bilib olamiz. Umid qilib qolamizki, rasmiy uchrashuvlarda terma jamoalarimiz bundan ham chiroyli va eng muhimi samarali o'yin namoyish qilishadi!

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив