Abdujamol Isroilov: “Jarohat olganimda yig'lab yubordim”

Coca Cola Superliga 11-turi doirasidagi AGMK – “Navbahor” (1:1) jamoalari o'rtasidagi uchrashuvning ilk daqiqalarida namanganliklarning mahoratli yarim himoyachisi Abdujamol Isroilov raqib futbolchisining ishlatgan qo'polligi bois, oyog'idan jiddiy tarzda jarohat olgandi.

Shundan so'ng, Isroilov jarrohlik stoliga yotdi va jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli tarzda yakunlanib, oyog'iga gips qo'yildi.

Yarim himoyachi  ayni paytda o'z jarohatini uyida davolatmoqda.

Bir necha kun oldin “Navbahor” PFK xodimlari hamda “Navbahor” fan-klubi a'zolari va jamoamizning bir guruh ashaddiy muxlislari Abdujamol Isroilovni yo'qlab, holidan xabar olish maqsadida yarim himoyachining uyiga borishdi.

Ushbu tashrif  bahonasida Abdujamol Isroilovdan "Navbahor" rasmiy sayti uchun intervyu oldik.

— Abdujamol ahvollar qanday, jarohat bezovta qilmayaptimi?
Yo'q, hammasi joyida. 20 iyul kuni yana bir marta tibbiy ko'rikdan o'taman va shundagina qachon maydonga qaytishim hal bo'ladi.

Ayni paytda Coca Cola Superligada davralar oralig'idagi tanaffus vaqti. Ortda qolgan 1-davra bahslari borasida nima deya olasiz?
Birinchi davra o'yinlari borasida to'xtaladigan bo'lsam, joriy mavsum bahslarini unchalik ham yaxshi boshlay olmadik. Dastlabki 3ta o'yinda unchalik omadimiz kelmadi. Keyin sekin-asta bir-birimizni tushunib, 4-turdan so'ng, g'alaba qozonishni boshladik. Keyin esa orada qatorasiga 4ta bahsda durangga erishdik. Xudoga shukr, so'nggi 2ta uchrashuvda zafar quchib, 1-davra bahslarini 3-o'rinda yakunlashga muvaffaq bo'ldik.

Birinchi davra o'yinlaridan qaysinisi sizda yaxshi taassurot qoldirdi? 

Samarqandda “Dinamo”ga qarshi kechgan 6-tur doirasidagi bahs menda yaxshi taassurot qoldirdi. Boisi, durang – 2:2 hisobida yakunlangan o'sha uchrashuv shiddatli va keskin kurashlar ostida o'tdi.

Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi kechgan 8-tur doirasidagi o'yin ham ancha qiziqarli tarzda o'tgandi. Bundan tashqari, o'sha uchrashuvda gol ham urgandingiz...
To'g'ri, “Paxtakor” bilan bo'lgan bahs ham ancha shiddatli o'tdi. Ammo o'sha uchrashuvning 2-bo'limida yaxshi o'yin namoyish etib, yakuniy hisobning 2:2 ko'rinish olishini ta'minladik. Samarqandda esa har ikki jamoa ochiq o'yin namoyish etdi. Shuning uchun “Dinamo”ga qarshi kechgan bahs menda yaxshi taassurot qoldirdi.

To'g'ri, “Paxtakor”ga qarshi kechgan o'yinda urgan golim futbolchilik     faoliyatimdagi ilk gol bo'lganligi bilan men uchun ancha qadrli. Boisi, Superligada 3-mavsum o'ynayotgan bo'lsam, birinchi golimni aynan o'sha bahsda urdim. Shu bois, to'g'risi, hayajonlanganimdan golimni qanday nishonlashniyam bilmay qoldim. Bundan tashqari, o'sha golim bilan hisobni tenglashtirishga ham muvaffaq bo'lgandim. Hissiyotlarimni ta'riflashga so'z ojiz. Superligadagi gollar hisobimni ochganimdan xursandman va buning davomiy bo'lishini xohlayman.

Jarohat olganingizda xayolingizdan nimalar kechdi?
To'g'risi, o'sha vaziyatda ko'zimdan yosh chiqib, yig'lab yubordim. Boisi, jamoa o'yiniga ancha kirishib ketgandim.Jarohat olgan vaziyatda AGMK himoyachisi Sardor Rahmonov menga nisbatan atayin qo'pollik ishlatmadi, menimcha. Shunchaki, to'p uchun kurashda shunday holat yuz berdi. Futbolda esa bunday holatlar tez-tez yuz berib turadi. Sardor o'yindan so'ng, oldimga kelib, bilmay jarohat etkazgani uchun afsuslanib, kechirim so'radi. Shuningdek, shifoxonaga ham kelib, holimdan xabar oldi.

Jarohat – futbolning ajralmas qismi. Shuning uchun Sardor Rahmonovdan xafa emasman. Niyatim - jarohatimdan tezroq forig' bo'lib, jamoa tarkibiga qaytish hamda “lochinlar”ning g'alabalariga munosib hissa qo'shish.

Sizningcha, bu yilgi milliy chempionatimiz o'yinlari qanday o'tmoqda?
Joriy mavsum bahslari o'tgan yilgiga qaraganda, ancha qiziqarli va keskin kurashlar ostida kechmoqda. Shuningdek, Namanganda, muxlislarga to'la stadionda o'ynashning gashti boshqacha.

“Navbahor”ga yangi kelgan vaqtingizda jamoadoshlaringiz hamda muxlislar sizni qanday kutib olishdi? Boisi, o'tgan mavsumni “lochinlar”ning ashaddiy raqibi “Neftchi” tarkibida o'tkazgandingiz...
Shunday bo'lsa-da, namanganliklar tarkibiga kelgan ilk kunimdanoq jamoadoshlarim va muxlislar meni yaxshi kutib olishdi. Shuningdek, jamoamiz sardori  Jahongir aka Mehmonov bilan birga o'ynaganmiz. U meni qo'llab-quvvatlab, jamoa o'yiniga kirishib ketishimda madadkor bo'ldi.

Bundan tashqari, Jahongir aka menga o'z maslahatlarini berib, maydonda xato qilsam, bunga e'tibor bermaslikka chaqirib turdi.

Maydonda qaysi jamoadoshingiz bilan bir-birlaringni yaxshi tushunasizlar?
Abbos G'ulomov bilan bir-birimizni yaxshi tushunamiz.

Otangizning aytishlaricha, joriy mavsum arafasida oldingizda “Navbahor”dan boshqa variantlar ham bo'lgan ekan. Aynan “lochinlar” tarkibiga qo'shilishingizga nima sabab bo'ldi? Bundan tashqari, muxlislar bosimidan qo'rqmadingizmi?

To'g'ri, bu yilgi milliy chempionatimiz boshlanishi oldidan menga Coca Cola Superliganing ko'plab klublaridan takliflar bo'ldi. Bu borada dadam bilan maslahatlashdim hamda otam uyimizga yaqinroq bo'lganligi bois, “Navbahor”ga o'tishimni xohladilar. Shu bois, namanganliklar tarkibiga qo'shildim. Shuningdek, “Navbahor” mamlakatimiz hamda qit'amizda o'z o'rni hamda obro'siga ega jamoa sanaladi.

Muxlislar bosimidan esa qo'rqmadim, chunki ishqibozlarning qo'llab-quvvatlashlari ostida to'p tepishning gashti baribir boshqacha. Buni boshidan o'tkazgan futbolchigina his qila oladi.

Tanqidga qanday qaraysiz?
Tanqid asosli bo'lsa, yaxshi qabul qilaman. Chunki tanqid o'sishga turtki bo'ladi.

Xabaringiz bor, jamoamizga serbiyalik mutaxassis Deyan Jurjevich bosh murabbiy etib tayinlandi. Ushbu murabbiy haqida nima deya olasiz?

Deyan Jurjevichning “Paxtakor” va O'zbekiston terma jamoasida ishlaganini yaxshi bilaman. Xudo xohlasa, jarohatimdan forig' bo'lib, jamoa mashg'ulotlariga qo'shilsam, u haqda yaxshiroq ma'lumotga ega bo'laman.

Jamoadagi ichki muhit borasida nima deya olasiz? Boisi, bu haqda turli gap-so'zlar chiqib ketdi?
Klubimizdagi ichki muhit a'lo darajada. Menimcha, qatorasiga 4ta durang o'ynaganimdan so'ng, shunday gap-so'zlar chiqib ketdi. Lekin legionerlar hamda mahalliy futbolchilar bir-birimiz bilan do'stmiz. Oramizda hech qanday bo'linish yo'q. Masalan, hozir ham menga barcha jamoadoshlarim qo'ng'iroq qilib, hol-ahvol so'rab turishibdi.

Shuningdek, fursatdan foydalanib, meni shunday qiyin kunda ma'nan, ruhan hamda moddiy tarafdan qo'llab-quvvatlab turgan klub rahbariyati va muxlislarga o'z minnatdorchiligimni bildiraman.

Bo'lajak o'yinlarda esa jamoamizga omad tilayman. Niyatim - jarohatimdan tezroq forig' bo'lib, jamoa tarkibiga qaytish hamda “lochinlar”ning g'alabalariga munosib hissa qo'shish.

Menga Yaratgandan shifo tilayotgan barchaga katta rahmat, hammalari sog'-salomat bo'lishsin!

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив