O'zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasiga yangi rahbar saylandi

Bugun MOQda O'zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi bo'lib o'tdi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o'rinbosari Oybek Kasimov, MOQ vitse-prezidentlari Aziz Kamilov hamda Saken Polatov, shuningdek, sport jamoatchiligi ishtirok etdi. Konferentsiyada kun tartibiga qo'yilgan asosiy masala assotsiatsiyaning amaldagi raisi Ulug'bek Mirhaydarovning o'z xohishiga ko'ra lavozimidan ozod etilishi bo'yicha yozgan arizasini ko'rib chiqish va uning o'rniga yangi rahbar saylash bo'ldi.

Yig'ilish davomida dastlab U.Mirhaydarov arizasi ko'rib chiqildi. Konferentsiya ishtirokchilari bir ovozdan uning iste'fosini qabul qilishdi.

Shundan so'ng MOQ vitse-prezidenti Aziz Kamilov so'zga chiqib, assotsiatsiya rahbarligi uchun shu paytgacha O'zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi o'rinbosari lavozimida ishlab kelgan Muxtorxon Maxsudovich Tashxodjaev nomzodini ilgari surdi va yig'ilganlarga nomzod haqida qisqacha ma'lumot berib o'tdi. Ovoz berish jarayonida barcha bir ovozdan yangi nomzodni ma'qulladi va Muxtorxon Tashxodjaev O'zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasiga yangi rahbar etib saylandi.

Avvalo, menga bildirilgan ishonch uchun hammaga rahmat. Oldimizda Tokio-2020 Paralimpiya o'yinlaridek mas'uliyatli musobaqa turibdi. Rioda qayd etilgan natija tasodif emasligini isbotlash uchun barchamiz birgalikda harakat qilamiz. Jamoaning hamjihatligisiz hech narsaga erishib bo'lmaydi. Umid qilamanki, barchamiz bir jamoa bo'lib, oldimizga qo'yilgan vazifalarni ado etamiz”, – dedi Muxtorxon Tashxodjaev.

Shuningdek, yig'ilish davomida Oybek Kasimov va Aziz Kamilov so'zga chiqib, yangi rahbarning faoliyatida omad va zafarlar tilab o'tishdi. Shuning bilan O'zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi o'z ishini yakunladi.

Tadbir yakuniga etgach, barcha Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasida jam bo'ldi. U erda MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov Paralimpiya assotsiatsiyasi mutasaddilari, sportchi va trenerlar bilan suhbatlashdi. MOQ prezidenti uchrashuv davomida tashkilot a'zolariga yangi rahbarni yana bir bor tanishtirib, M.Tashxodjaevning faoliyatida omad tiladi.

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив