Dzyudo o'z vataniga qaytmoqda yoxud jahon chempionatiga prevyu

Yana 5 kundan keyin barchamizning e'tiborimiz dzyudo bo'yicha navbatdagi jahon chempionatiga qaratiladi. Mezbon shahar nomini aytish uchun ko'plab ta'riflar berish mumkin: kunchiqar yurt poytaxti, bo'lajak Olimpiada mezboni, dzyudo vatani va hokazo. Yaxshisi, buni o'zingizga yoqqan variantda tanlab ola qoling. 25 avgustdan 1 sentyabrga qadar Tokio jahon dzyudo yulduzlarini o'zida jamlaydi. Shu o'rinda, mazkur jahon chempionatiga oid bir qator e'tiborli jihatlarga to'xtalib o'tsak.

“Nippon Budokan” arenasi

Bellashuvlar Tokiodagi “Nippon Budokan” arenasida bo'lib o'tadi. Kecha Tokio bo'ylab Olimpiadadan avval sinov musobaqalari o'tkazilayotgani haqida ma'lum qilgan edik. Ushbu jahon chempionati dzyudo bahslari uchun sinov musobaqasi vazifasini bajarib beradi. Arena nomi tarjima qilinganida “jangovor san'at zali” ma'nosini beradi. Bu erda dzyudodan tashqari karate, aykido, UFC va professional boks janglari, bir qator sport turlari bo'yicha jahon va Osiyo chempionatlari tashkil qilingan. Arenaning o'zi 1964 yili Tokio mezbonligida o'tgan Olimpiya o'yinlari uchun qurilgan bo'lib, 14 mingdan ziyod muxlisni o'z bag'riga sig'dira oladi va 55 yillik tarixi mobaynida ko'plab unutilmas voqeliklarga mezbon bo'ldi. Jumladan, 1976 yil afsonaviy Muhammad Ali mana shu arenada yaponiyalik Antonio Inokiga qarshi jang qilgan. Qoida shunday ediki, Ali boks, Inoki yapon jang san'ati qoidalari bo'yicha ringga chiqqan. Er yuzining 1.5 milliard aholisi jonli efirda tomosha qilgan bahs durang bilan xotima topgan. Shuningdek, bu arenada o'z zamonasining mashhurlari “ABBA”, “Queen” guruhlari, Frenk Sinatra, Brayan Adams, Beyonse kabi musiqa yulduzlari o'z kontsert dasturlarini yapon xalqiga taqdim qilgan.

JChning e'tiborli raqamlari

Ana endi o'tmishni unutib, bo'lajak musobaqaga to'xtalsak. Reglamentga ko'ra, bahslar erkaklar va ayollar o'rtasida 7 tadan vazn toifasida 7 kun va aralash jamoaviy yo'nalishi bilan jami 8 kun bo'ladi. Bu jahon chempionati hisob bo'yicha o'ttiz uchinchisidir. E'tiborlisi, unda rekord darajada ishtirokchi davlat va sportchilar soni qayd etilishi kutilayotir. Xalqaro dzyudo federatsiyasi rasmiy saytida ma'lum qilinishicha, musobaqada ishtirok etish uchun 149 mamlakatdan 862 ishtirokchi ro'yxatdan o'tgan. Taqqoslash uchun, hatto Olimpiadalarda 1988 yilgacha bunchalik ko'p davlat tashrif buyurmagan.

Terma jamoamiz tarkibi

O'zbekiston terma jamoasi esa 11 nafar dzyudochi bilan ishtirok etmoqda. Shu o'rinda ularning nomlarini yana bir bor eslab o'tsak:

-60 kg: Sharofiddin Lutfillaev
-60 kg: Diyorbek O'rozboev
-66 kg: Shahram Ahadov
-66 kg: Sardor Nurillaev
-73 kg: Hikmatilloh To'raev
-81 kg: Sharofiddin Boltaboev
-90 kg: Yahyo Imomov
-100 kg: Muhammadkarim Xurramov
+100 kg: Bekmurod Oltiboev
-52 kg: Diyora Keldiyorova
-70 kg: Gulnoza Matniyazova

Farhod To'raev murabbiyligida shug'ullanayotgan vakillarimiz ayni paytda Yaponiyaning Maydzuru shahrida tayyorgarlikning so'ngi bosqichini olib borishmoqda.

“Maydzuru yig'inining tashkil qilingani terma jamoamiz uchun ko'p jihatlari bilan juda foydali. Masalan, mahalliy ob-havo va vaqt mintaqasiga, oziq-ovqatlariga to'la moslashib ulguramiz. Musobaqadan avvalgi 1 haftalik qattiq mashg'ulot katta foyda bermaydi. Shu bois ham hozir bu shahardagi dzyudo maktabida engil mashqlar bilan shug'ullanyapmiz. Asosiy tayyorgarlik Toshkentda bo'lgan. Jahon chempionati yilda 1 marta bo'ladi. Musobaqa statusini nomi ham aytib turibdi. Qolaversa, bu dunyo birinchiligi kelasi yilgi Tokio Olimpiadasi reytingi uchun eng yirik ochkolarni jamg'arib olish imkoniyatini ham beradi. O'z vaznimdagi raqiblarim xususida to'xtalib o'tsam, medal yo'lida Aaron Volf (Yaponiya), Guxam Cho (Janubiy Koreya), Varlam Liparteliani (Gruziya) va yana bir qator dzyudochilarni asosiy raqobatchi deb bilaman. Hammada tayyorgarlik yaxshi. Buyog'ini tatamidagi bahs ko'rsatib beradi”, – dedi terma jamoa a'zosi Muhammadkarim Xurramov.

Tarkibdan tushib qolgan munosiblar

Jahon chempionatlari reglamentiga ko'ra, bir terma jamoa ekraklar va ayollar toifasida 9 nafardan sportchini musobaqaga qo'yishi mumkin. Shunda qaysidir 2 vazn toifasida ikki nafardan dzyudochi ishtirok etadi. Terma jamoamizda raqobat ancha kuchli. Ayniqsa, jahon chempionati uchun. Jamoamizda shunday dzyudochilar borki, ular ham Tokioda kurashishga munosib, biroq reglament va salomatlik sabab ba'zi vakillarimiz JChning asosiy tarkibidan tushib qolishdi. Ularning nomini esa eslab o'tmay iloj yo'q: Kemran Nurillaev (-60 kg. Nurillaev Yaponiyada. U shaxsiy birinchilik uchun ro'yxatdan o'tmagan, lekin jamoaviy bahsda kurashishi mumkin), Muhriddin Tilovov (-66 kg), G'iyosjon Boboev (-73 kg), Kamoliddin Rasulov va Muso Sobirov (-81 kg), Davlat Bobonov va Shahzod Sobirov (-90 kg), Sherali Jo'raev (-100 kg) va Alisher Yusupov (+100 kg). Bu erkaklar jamoasi uchun uncha-muncha terma jamoa o'z safida ko'rishni orzu qiladigan to'liq tarkib. Ular Tokio Olimpiadasi yo'lida boy berilayotgan ochkolarni kelasi oy Toshkent Gran-prisida qoplab olishlari mumkin.

Xotima

Tokio bundan 9 yil muqaddam ham jahon chempionatiga mezbonlik qilgan. O'sha tarkib bilan solishtirsak, terma jamoamiz to'liq yangilangan. 2010 yil afsonaviy Rishod Sobirov -60 kilogramm vazn toifasida jahonda tengsiz ekanligini yana bir karra namoyish etib, oltin medal bilan yurtimizga qaytib kelgan edi.

Bu gal ham polvonlarimiz mana shunday g'alabalari bilan Mustaqilligimizning 28 yilligi bayramiga o'z xissalarini qo'shishini tilab qolamiz.

O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi Tokio shahri mezbonlik qiladigan dzyudo bo'yicha jahon chempionatida ishtirok etayotgan terma jamoamiz vakillariga ulkan zafarlar tilab qoladi.

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив