Rahim Sterling: «Eng zo'ri onam va «Liverpul»

Futbol olamida avlodlar almashinuvi muhim o'rin tutadi. Negaki, har bir zamonning o'z qahramoni bo'lishi kerak. Bir paytlar yashil maydonda o'z nomini muhrlagan Pele va Maradona izidan qator yulduzlar etishib chiqdi. Ular orasida esa Ronaldu va Messi bilan bir davrda to'p surayotgan bo'lsa-da, bu futbolchilarning soyasida qolib ketmasdan, o'ziga xos iqtidori bilan muxlislar qalbidan joy olayotgan yosh futbolchilar ham talaygina. Ana shunday charm to'p ustalaridan biri bolaligida ko'plab qiyinchiliklarga duch kelgan bo'lsa-da, onasining yordamida olg'a intilgan va bugungi kunda dunyo futbolida o'z o'rniga ega bo'lib borayotgan o'yinchi, «Manchester Siti» futbolchisi Rahim Sterlingdir.

«MENI DEB KO'P AZOB ChEKKANSIZ»


Sterling onasini juda yaxshi ko'radi. Shuning uchun bir gapni takrorlashni yoqtiradi: «Onajon, meni bag'ringizda to'qqiz oy ko'tarib yurganingiz uchun katta rahmat, axir siz meni deb juda ko'p azob chekkansiz».

Rahim onasi u uchun ko'p ish qilganini ta'kidlashdan charchamaydi. «Onam — hayotimning ajralmas bo'lagi, chunki u hozirgi muvaffaqiyatga erishishim uchun ko'p harakat qilgan. Men uning maslahatlarini doim eshitaman va amal qilaman, chunki onam menga hech qachon noto'g'ri maslahat bermagan. Onam futbolni tushunadi va yanada yaxshiroq tushunishni xohlaydi. U hatto o'zini Joze Mourinodan kam emas, deb o'ylaydi. Men qachon nimanidir xato qilayotgan bo'lsam, darhol to'g'ri yo'l ko'rsatadi. Ko'p hollarda «Gaplarimga quloq solmaysan»,  deb koyib qo'yadi. Ba'zi-ba'zida tortishib ham qolamiz».

Futbolchining onasi 5 yoshli o'g'lining kelajagi uchun Yamaykadan Angliyaga ko'chib o'tishga qaror qiladi va shu erdan ish topadi. Sterling maktabda o'zining g'alati xatti-harakatlari, xulqidagi nuqsonlari bilan ajralib turardi. Hatto «VernonHouse» maxsus maktabida tahsil olgan kezlarida o'qituvchisi unga «Agar xulqing o'zgarmasa, yo qamoqqa tushasan, yoki ingliz futbolchisi bo'lasan», degan ekan. O'qituvchining bashorati keyinchalik amalga oshdi, Rahim Sterling yosh bo'lishiga qaramay, avval «Liverpul», hozir esa «Manchester Siti» va Angliya terma jamoasining iqtidorli o'yinchisiga aylandi. Sterling 11 yoshida «Kuens Park Renjers»da o'ynay boshlaydi va tezda tengdoshlari unga yangi laqab topishdi — futbolchi «Rahim Park Renjers»ga aylandi.

«ROJERS MENGA KATTA YoRDAM BERGAN»

Futbolchi Angliya terma jamoasining sobiq bosh murabbiysi Roy Xojsonni juda hurmat qiladi. «Xojson nimalarga qodirligimni oldindan ko'ra oladi. Men esa o'yinim unga ma'qul kelishini istardim. U yosh bo'lishimga qaramay, menga imkon berib kelgan. Buning uchun terma jamoa bosh murabbiyidan behad minnatdorman. Roy Xojson o'yinchilarni mening atrofimga joylashtirardi, u ko'pincha shu taktikani ma'qul ko'rardi. Men esa maydonda ko'z ilg'amas jihatlarga ham e'tibor qilaman, men yanada yaxshiroq bo'lishni xohlayman».

Rahim Sterling «Liverpul» ustozi Brendan Rodjers haqida ham iliq fikrlar bildiradi. Brendan unga juda katta yordam berganini takrorlashdan charchamaydi.

«Rodjers nafaqat maydonda, balki maydondan tashqarida ham mendan qimmatli maslahatlarini, beminnat yordaminini ayamagan, — deydi o'yinchi. — U hatto ba'zi muammolarimni bitirish uchun moddiy jihatdan ko'mak ham berib turgan va buning uchun unga katta rahmat aytaman».

«LIVERPUL'» — ENG ZO'RI


Rahim Sterling o'z vaqtida «Liverpul»ni dunyoning eng kuchli klubi deb baholagan va bu fikrini quyidagicha izohlagan: «Liverpul» men uchun eng zo'r klub. Yo'q, men kuch borasida aytmayapman. «Liverpul»da g'urur, sha'n, qadr-qimmat birinchi o'rinda. «Qizillar» safida o'z manfaatini jamoa sha'nidan ustun qo'yadigan futbolchilarga joy yo'q. Men fidoyi futbolchilar bilan birga o'ynayapman, deb ayta olaman. «Liverpul»dan ketishni istamayman, chunki men shu klubda tanildim. Qolaversa, biz premer-ligada g'olib bo'lishni niyat qilganmiz. Biz bunga ishonamiz va birgalikda harakat qilamiz. Oldimizga qo'ygan maqsadimizga erishishni niyat qilganmiz va erishamiz ham». Ammo bugun uning gaplari isbotini topmadi. «Liverpul»dan ketishni istamayman degan futbolchi biroz muddatdan keyin «Manchester Siti»ga ko'chib o'tdi.

Uning boshqa bir orzusi — Braziliyada yashash. Uning tatiurovkalarida «Uembli» stadioni va o'tmishini eslatuvchi ko'plab narsalar tasvirlangan. Sterling 5 martda Daniya terma jamoasiga qarshi o'yindan so'ng xayolot olamida emas, orzulari amalga oshadigan real olamda yashayotganligini his qilganini ko'p bora takrorlaydi.

Rahim Sterling. Bu futbolchi ayni damda yulduzlik cho'qqisiga intilmoqda. Ayni damda terma jamoa safida ham, klub safida ham muhim gollarga mualliflik qilyapti. Ishonamizki, Rahim ana shunday mo''jizalar ko'rsatishda davom etadi.

Nizomjon ISLOMOV tayyorladi.

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив