APL. «Liverpul» chempionlik uchun muhim qadam tashladi

Uzoq yillik tanaffusdan keyin "Liverpul" chempionlikni qo'lga kiritishi mumkin. Mersisaydliklar Angliya premer-ligasining 34-turi doirasida o'z maydonlarida "Chelsi"ni qabul qilib, murakkab g'alabani qo'lga kiritdi.

Foydalanilmagan imkoniyatlar
Klopp shogirdlarini faqat va faqat g'alaba qanoatlantirar edi. Tabiiyki, mezbonlar o'yinni faol boshlashdi. Ular tanaffusga qadar 3ta golli vaziyat yaratishdi. Ikki marta Kepa Arrisabalaga yaxshi harakat qilgan bo'lsa, bir vaziyatda Sado Manega aniqlik etishmadi.

Ikki daqiqada ikkita gol
Ikkinchi bo'lim boshida nihoyat "Liverpul" hisobni ochdi. Jarima maydonchasining o'ng tomonida Saloh-Firmino-Xenderson qisqa paslaridan keyin Jordan to'pni shunday etkazdiki, Mane bo'sh qolgan darvozani ishg'ol qilmasligi "gunoh" bo'lardi.

Oradan 2 daqiqa o'tar-o'tmas Saloh o'ng qanotda to'pni qabul qilib, bir himoyachini aldagancha markaz tomon yurdi va kuchli zarba berdi. Olis "to'qqizlik"ga kirayotgan to'pni Kepa Arrisabalaga qaytara olmadi.

Eh, Azar...
O'tkazib yuborilgan gollarga qaramay londonlik o'zlarini yo'qotib qo'yishmadi. "Chelsi" etakchisi Eden Azar bir daqiqa ichida ikkita o'ta qulay imkoniyatlardan foydalana olmadi. 59-daqiqada u mezbonlar posboni bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib, zarba berdi. To'p ustunga tegib qaytdi. Oradan 1 daqiqa o'tib, chap qanotdan etkazib berilgan uzatmaga yana o'sha Eden "Liverpul" darvozaboni bilan yuzma-yuz holatda zarba berdi. Alisson o'zi tomon yo'llangan zarbani bartaraf etdi.

Hisobga qarab o'yin
Shundan so'ng Klopp shogirdlari raqibga boshqa xavfli vaziyat yaratish imkonini bermadi. Maydon egalari to'pni yaxshi nazorat qilib, imkon bo'lishi bilan hujum tashkil qilish payida bo'ldi. "Liverpul" ushbu hisobni saqlab qoldi va muhim 3 ochkoni qo'lga kiritdi.

Kim chempion bo'ladi?
Bugungi g'alabadan keyin "Liverpul" asosiy raqibi "Manchester Siti"dan 2 ochko oldinga o'tib oldi. "Shaharliklar" hisobida bitta zaxira o'yini bor. "Liverpul" 4ta o'yindan 2tasini safarda "Kardiff" va "Nyukasl"ga qarshi, qolgan 2tasini o'z maydonida esa "Haddersfild" va "Vulverxempton" bilan bahs olib boradi.

"Manchester Siti"ni esa 20 va 24 aprel kunlari ketma-ket "Tottenxem" va "Manchester Yunayted"ga qarshi qiyin o'yinlar kutib turibdi. Gvardiola jamoasi mana shu 2ta to'qnashuvda ochko yo'qotmasa, chempionlik masalasi ularning qo'lida qoladi.

"Chelsi" esa bugungi mag'lubiyatga qaramay, APL jadvalida kuchli to'rtlikka qildi. "Arsenal" esa ertaga "Uotford"ni mag'lub etsa, hamshaharlaridan o'tib ketadi.

APL, 34-tur
Liverpul – Chelsi 2:0 (0:0)
Gollar: 1:0 – 51 Mane, 2:0 – 53 Salax.
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold, Matip, van Deyk, Robertson, Fabino, Xenderson (Milner, 77), Keyta (Veynaldum, 66), Mane, Firmino, Salax (Shakiri, 90).
Chelsi – Arrisabalaga, Emerson, David Luiz, Aspilikueta, Ryudiger (Kristensen, 40), Azar, Loftus-Chik (Barkli, 75), Villian, Jorjino, Xadson-Odoi (Iguain, 56), Kante.
Ogohlantirish: Aspilikueta (44).

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив