«Chelsi» — Evropa ligasi g'olibi!

Evropa ligasining ushbu mavsumdagi g'olibi nomi aniq bo'ldi. Bokudagi "Olimpiya" stadionida bo'lib o'tgan final bahsida "Chelsi" hamshahri "Arsenal"ni yirik hisobda mag'lub etdi.

Tomonlar o'yinni ehtiyotkorlik bilan boshlashdi. Birinchi bo'limning dastlabki yarmida vaziyatlar yaratish bo'yicha ustunlik "kanonirlar" tomonida bo'ldi. Jumladan, Obameyang eng 14 metrdan darvoza tomon aniq zarba bera olmagan bo'lsa, Jakaning olis masofadan yo'llagan zarbasi natijasida to'p to'sinni silab o'tib ketdi.

Taymning ikkinchi yarmiga kelib tashabbus Sarri shogirdlari tomoniga o'ta boshladi. Ikkinchi bo'limda esa ular vaziyatlardan foydalana boshlashdi. Bunda "Arsenal" yosh himoyachilaridan bir ham "yordam" qo'lini cho'zib turdi. Bahsning 65-daqiqasiga kelib "Chelsi" raqib darvozasini 3 marta ishg'ol qildi. Dastlab Jiru bosh bilan darvozani ishg'ol qilgan bo'lsa, keyinchalik Azarning uzatmasini Pedro golga aylantirdi. Edenning o'zi esa penaltidan samarali foydalanib, hisobni yirik ko'rinishga keltirdi.

Aleks Ivobi zaxiradan tushdiyu, chiroyli gol bilan hisobni qisqartirdi. Ammo yana bir xato tufayli Azar raqib jamoani jazoladi — 4:1.

O'yinning so'nggi daqiqalarida "Arsenal" naq 3 marta golga tortadigan vaziyat yaratdi. Lyakazett ikki marta yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi. Bir marta Kepa Arrisabalaga qaytargan bo'lsa, bir marta uning zarbasiga aniqlik etishmadi.

Shu tariqa, "Chelsi" mavsumni sovrin bilan yakunlagan bo'lsa, "Arsenal" Evropa chempionlar ligasi yo'llanmasidan ham quruq qoldi.

Evropa ligasi, final
Chelsi Angliya – Arsenal Angliya 4:1 (0:0, 4:1)
Gollar: 1:0 – 49 Jiru, 2:0 – 60 Pedro, 3:0 – 65, penalti Azar, 3:1 – 69 Ivobi, 4:1 – 72 Azar.
Chelsi – Arrisabalaga, Kristensen, Emerson, Aspilikueta, David Luiz, Kovachich (Barkli, 76), Jorjino, Pedro (Villian, 71), Kante, Azar (Dzappakosta, 89), Jiru.
Arsenal – Chex, Koselni, Monreal (Genduzi, 66), Kolashinats, Papastatopulos, Torreyra (Ivobi, 67), Meytlend-Naylz, Jaka, O'zil (Uillok, 77), Obameyang, Lyakazett.
Ogohlantirishlar: Pedro (56), Kristensen (68).

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив