Lutfulla To'raev: Milliy chempionatimiz saviyasi ancha o'sdi

Avvalgi yillardan ancha o'zgacha tarzda o'tkazilayotgan PEPSI Superliga bahslarida birinchi bosqich yakunlandi.

Jamoalar endi 6 tadan 2 ta guruhga ajratiladi. Dastlabki guruh chempionat medallari uchun kurash olib borsa, ikkinchi oltitalik Superligada jon saqlab qolish uchun bahs yuritadi. Jamoalar endi o'z guruhi doirasida uy-safar tizimida jami 10 ta uchrashuv o'tkazishadi.

Jon saqlash yo'lida oxirgi o'rinni olgan jamoa Pro ligaga yo'l oladi. Jon saqlash yo'lida 4 va 5-o'rinni egallaydigan klublar esa o'tish o'yinlarida qatnashadi.

Dastlabki bosqich yakunlariga ko'ra, Olmaliqning AGMK jamoasi yuqori oltilikdan joy ola bilmadi va endilikda Superligada qolish uchun bahslarga kirishadi. Birinchi bosqich yakunlari xususida AGMK jamoasi sardori Lutfulla To'raev PFL rasmiy saytiga intervyu berdi.

- Milliy chempionatimiz joriy yildan boshlab o'zgacha nom oldi, yangicha tartibda o'tkazilmoqda. Hozirgi PEPSI Superliganing avvalgi Oliy ligadan qanday farqli jihatlari sizning e'tiboringizni tortdi?
- Bu yil mavsum boshidan milliy chempionatimizda o'zgarishlar, yangiliklar ko'p bo'ldi. Endilikda ichki chempionatimiz PEPSI Superliga deya nomlanmoqda. Unda avvalgidan farqli ravishda 12 ta jamoa ishtirok etmoqda. Bu esa butun futbolimiz jamoatchiligi uchun o'ziga xos yangilik bo'ldi. Ayniqsa, chempionatning ikki bosqichga bo'linishi va jamoalarning birinchi bosqichdagi natijalariga qarab 2 ta guruhga ajratilishi ko'pchilikning e'tiborini tortdi.

- Milliy chempionatimiz saviyasi o'smoqda, degan fikrga qo'shilasizmi?
- Albatta. E'tibor bersangiz, Superligadagi klublar dastlab saralab olindi va yakunda talablarga javob bergan 12 ta klub elitada qoldirildi. Endi o'sha jamoalar bir-biri bilan bahs yuritmoqda. O'yinlar shiddati chindan ham ortdi. Zero jamoalar birinchi bosqich davomida kuchli oltilikka kirish uchun juda jiddiy kurash olib borishdi. Har bir uchrashuvda ochko uchun kurash olib borildi. Natijada raqobat ancha o'sdi, deb o'ylayman.

- O'zgarishlar faqat o'yin borasidagi raqobatda ko'zga tashlanyaptimi?
- Barcha jabhada ham o'zgarishlar bor. Ayniqsa, tashkiliy jihatdan yangiliklar kishi e'tiborini darhol tortadi. O'yin va uning atrofidagi turli tadbirlar, o'yin oldi kontsert dasturlari, o'yindan keyingi maxsus hududdagi intervyu jarayonlari, uchrashuvlarning deyarli barchasi TVda ko'rsatilayotganini ijobiy baholash mumkin. Bu esa futbolga jamoatchilik qiziqishi va e'tiborini oshirishda juda muhim rol o'ynayotganini ko'rib turibmiz. Muxlislarning stadionlarga tashrifi ancha ko'paydi. Bu esa biz futbolchilarni ham xursand qilyapti.

- Lekin AGMK jamoasi dastlabki bosqich yakunlanganidan so'ng chempionlik uchun emas, balki Superligada qolish uchun kurash olib borishi oydinlashdi…
- Afsuski, shunday. Bizga aksariyat uchrashuvlarda kutilmaganda ochko yo'qotganimiz pand berdi. Ayniqsa, birinchi bosqichning ikkinchi davrasi avvalida ko'p o'yinlarda imkoniyatni boy berdik va yakunda shu holat musobaqa jadvalidagi o'rnimizga ta'sir o'tkazdi. Na iloj, endi ikkinchi oltitalikda Superligada qolish uchun bahs yuritamiz. Jamoamiz ikkinchi bosqichda o'z guruhida 1-o'rinni band etish uchun kurash olib boradi. Nasib bo'lsa, muxlislarimizni ikkinchi bosqichda ko'plab g'alabalar bilan xursand etishga harakat qilamiz.

AGMK matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив