Aziz Ibragimov: «Buxoro» bejizga dastlabki oltilikdan o'rin egallamaganini isbotlaydi

Avvalgi yillardan ancha o'zgacha tarzda o'tkazilayotgan PEPSI Superliga bahslarida birinchi bosqich yakunlandi.

Jamoalar endi 6 tadan 2 ta guruhga ajratiladi. Dastlabki guruh chempionat medallari uchun kurash olib borsa, ikkinchi oltitalik Superligada jon saqlab qolish uchun bahs yuritadi. Jamoalar endi o'z guruhi doirasida uy-safar tizimida jami 10 ta uchrashuv o'tkazishadi.

Dastlabki bosqich yakunlariga ko'ra, “Buxoro” jamoasi kuchli oltilikdan o'rin egalladi va endi Superliga ikkinchi bosqichida yuqori o'rinlar uchun bahslarga kirishadi. Buxoroliklar etakchilaridan biri Aziz Ibragimov PFL rasmiy saytiga birinchi bosqich yakunlari va chempionatning hal qiluvchi bosqichidan nimalar kutayotgani haqida so'zlab berdi.

- Joriy mavsum oldingilaridan ancha o'zgacha o'tyapti. Chempionatimizda jamoalar o'rtasidagi kurash va raqobat ancha ortdi, saviya esa ancha tenglashdi. Zero har bir uchrashuvda g'alaba qozonish uchun ancha ter to'kishga to'g'ri kelyapti. Shu sababdan Superliga ancha qizg'in davom etayotganini ta'kidlay olaman.

Bunda o'yin atrofidagi tashkilotchilik, muxlislarni stadionlarga jalb etish uchun qilinayotgan turli xil aktsiyalarni ham salmoqli o'rni bor. O'yin oldi tadbirlar va qiziqarli aktsiyalarni muntazam ravishda o'tkazib borish kerak, deb o'ylayman. Shunda yanada ko'proq ishqiboz stadionga keladi. Stadionga kelish imkoni bo'lmaganlar esa o'yinlarni TV orqali tomosha qilish imkoniyatiga ega bo'lishyapti. Bu ham oldinga qo'yilgan qadam.

Mavsum avvalidanoq bizning jamoa kuchli oltilikka kirib, yakunda medallar uchun kurashishni maqsad qilgan edi. Biz oldimizga qo'yilgan vazifani bajara oldik. Lekin shuni alohida ta'kidlashim kerakki, dastlabki oltilikdan joy olish oson bo'lgani yo'q.

Endi oldinda hal qiluvchi bosqich turibdi. Superliganing ikkinchi bosqichida ham “Buxoro” jamoasi mazmunli o'yin ko'rsatishga urinadi. Biz bejizga dastlabki oltitalikdan o'rin egallamaganimizni ishonchli o'yinlarimiz bilan isbotlaymiz va muxlislarimizga chiroyli g'alabalar tortiq etishga harakat qilamiz, - dedi mahoratli futbolchi.

"Buxoro" matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив