Yangiliklar

Qashshoq hayotdan qochib: Angliyada farovonlik izlagan “Chelsi” hujumchisi

“Chelsi”ning ayni damdagi eng yaxshi to'purari — Frank Lempardning kashfiyotlaridan biri Temmi Abraxam allaqachon muxlislar tiliga tushib ulgurdi. 8 yoshligida “Chelsi” futbol maktabiga kelgan futbolchi jamoasidan hech qachon, hatto uni boshqa jamoalarga ijaraga berib yuborishganida ham voz kechmasligini, “ko'klar” uning qalbiga abadiy muhrlanganini ta'kidlaydi.

OG'IR BOLALIK

Abraxamning to'liq ismi — Kevin Ogxenetega Tamaraebi Bakumo-Abraxam. Yaqinlari esa uni Ken deb chaqirishadi. Abraxam 1997 yilning 2 oktyabrida Kemberuelle —Londonning janubiy shaharchasida tug'ilgan. Ota-onasi nigeriyalik bo'lishgan, Angliyaga esa qashshoq hayotdan qochib, farovon turmush izlab kelishgan. Temmi esa futbolga mehr qo'ydi va 8 yoshida “Chelsi” maktabi a'zosiga aylandi.

Abraxam UEFA yoshlar ligasida “Chelsi” safida to'purarga aylanadi (8 ta gol). London klubining yoshlari safida ancha porloq o'yinlarni o'tkazadi.

RIVOJLANISh YO'LIDA

2016/17 yillardagi mavsumni Temmi "Bristol Siti"da ijarada o'tkazgan. U 23 ta goli bilan jamoasini Chempionshipda saqlab qoldi, o'zi esa Chempionshipning ikkinchi, jamoasining esa eng yaxshi to'purariga aylandi.

2018/19 yillardagi mavsumda esa Abraxam shaxsiy rekordini yangiladi. Shu mavsumni “Aston Villa”da o'tkazgan futbolchi 25 ta gol urdi. Orada yana bir klub safida ham ijara asosida o'ynadi — bu safar u APLda — “Suonsi” sharafini himoya qildi. Aynan shu klub safida Abraham APLdagi birinchi golini urdi. Bu voqea 2017 yilning avgustida "Kristal Pelas"ga qarshi o'yinda kuzatildi.

ShAKLLANGAN USLUB VA IMIJ

Bu mavsumlar Temmining imiji va o'yin uslubini shakllantirdi. Bo'yi baland (190 santimetr) vaozg'in, ko'rinishidan sekin harakatlanadigan futbolchiga o'xshaydi, ammo bu aldamchi taassurotdir. Temmi juda tez qaror qabul qiladi va uni juda tez bajaradi. Texnikasi kuchli, uzun oyoqlari yordamida bir nechta raqiblarini ortda qoldirib keta oladi. Bundan tashqari, jamoadoshlarini o'z vaqtida payqaydi va qulay vaziyatga chiqqan sherigini kerakli uzatma bilan ta'minlay oladi. Abraxam kutilmagan uzatmalari bilan ajralib turadi.

Uni siqib qo'yib, bir joyda tutib turib bo'lmaydi. Abraxam aynan raqib ta'qibi ostida raqib jarima maydonchasiga bir nech o'n qadam yaqinlasha oladi. Shuningdek, uzun bo'yi ikkinchi qavatda samarali o'ynash imkonini beradi va Abraxam bu imkoniyatdan foydalana oladi.

TERMA JAMOA SAFIDA

Temmi Angliya yoshlar terma jamoalari safida o'ynagan bo'lsa-da, asosiy jamoaga chaqirilmagandi. Bundan esa Nigeriya futbol federatsiyasi foydalanib qolmoqchi bo'ldi. Federatsiya Temmiga taklif jo'natib, Nigeriya sharafini himoya qilishni so'radi. Temmi esa quyidagicha javob qaytardi: "Tushunib turibman, menda Nigeriya qoni oqmoqda, ammo o'zimni allaqachon inglizdek his qila boshlaganman. Ehtimol, o'rtamiyona futbolchi bo'lganimda va Angliyaning asosiy terma jamoasi tarkibidan o'rin ola olmasligimni bilganimda boshqa variantni ko'rardim. Ammo Garet Sautgeyt yosh futbolchilarga imkon berishini ko'rsatdi. Men esa bundan foydalanib, Angliya termasi tarkibiga kirishga urinaman”.

Albatta, Abraxam buni uddaladi. 2017 yil kuzida Angliya Germaniya va Braziliyaga qarshi o'rtoqlik o'yinlarini o'tkazdi. Temmi ikkalasida ham maydonga tushdi — Germaniyaga qarshi 59 daqiqa, Braziliyaga qarshi esa 15 daqiqa o'ynadi. Lekin gol ura olmadi. Shundan so'ng Sautgeyt uni boshqa eslamadi. Ammo ko'plab mutaxassislar Abraxamning yana terma jamoaga qaytishini ta'kidlashmoqda. Chunki aqlli murabbiy (Sautgeyt) kabi Abraxamdek golsevar hujumchini e'tiborsiz qoldirishi mumkin emas.

HALI IMKON KO'P

Hali Abraxam APLda ko'p o'ynashga ulgurmadi. Ayniqsa, “Chelsi” safida. Tajribaning kamligi ham Abraxamga biroz xalal bermoqda. Ammo, muhimi, u o'sadigan futbolchi. Abraxamning o'zi shunday fikrlaydi: “Yoshligimda vaziyatni golga aylantira olmasam, boshimni egib olardim. Endi esa bunday qilmayman. Aksincha, yana vaziyatlar izlayman va ulardan foydalanishga intilaman. Men buni uddalay olaman”.

 


Manbaa: stadion.uz

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив



O'zbekiston va jahon futboli yangiliklari - chempionatlar, derbilar, uchrashuvlar, video lavxalar, sharxlar, uchrashuv vaqtlari va boshqa futbol yangiliklari. Yevropa ligasi, chempionlar ligasi, osiyo kubogi, jahon chempionati, Angliya premyer-ligasi, Ispaniya La Ligasi, Italiya A seriyasi, Germaniya Bundesligasi, Fransiya Liga 1, Rossiya Premyer-liga barchasi SOCCER.UZ saytida