Yangiliklar

Messini o'ziga jalb qilgan 22 yoshli futbolchi

Italiya A seriyasi navbatdagi turidan o'rin olgan “Sassuolo” — “Inter” o'yinini ko'ra turib, bir narsaga yana bir bor amin bo'ldim — Argentina yana bir yulduzga ega bo'lmoqda.

Endigina 22 yoshga kirgan Lautaro Martinesning o'yini tahsinga sazovor. Yaxshi hujumchi bo'lish uchun qanday sifatlar talab qilinadi: tezlik, dribling, kuchli zarba, sovuqqonlik... Martinesda hammasi bor. Masalan, “Sassuolo” darvozasiga urgan goli uning qanchalik aqlli ekanligini, vaziyatni ko'ra olishini anglatadi. Bu xislat boshqa hujumchilarda yo'q, demayman, lekin Lautaroda ham borligi uning yutug'i.

Siz birgina “Sassuolo” bilan o'yindan kelib chiqib xulosa qilyapti, demang, yo'q. Bu futbolchining o'yinini ko'rib borayotganlar fikrimga qo'shilishadi. Lautaro Martines ushbu mavsumda chindan ham porlayapti.

Shu o'rinda Kontening ham ahamiyatini ta'kidlash kerak. Italiyalik mutaxassis yosh futbolchiga ishonib, imkoniyat bermoqda. Garchi mavsum avvalida Milan klubi ikkita iqtidorli hujumchini sotib olgan esa-da, Martines zaxirada qolgani yo'q. Dam Lukaku, dam Sanchesning o'rniga tushib, nimalarga qodir ekanligini ko'rsatdi. Unga imkoniyat bergan Konte esa yutqazmadi: etarlicha tajriba to'playotgan, maydonga moslashib borayotgan Martines jarohat olib safdan chiqqan Sanchesning o'rnini bemalol bosa oladi endi.

Martines juda tezkor. Raqib futbolchilaridan aslo cho'chimaydi, hayiqmaydi. Uning yana bir muhim jihati — o'ziga bo'lgan ishonchi. Oldida nechta raqib bo'lishidan qat'i nazar shoshib qolmaydi, har bir vaziyatdan natija chiqarishga intiladi.

“Barselona” va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi terma jamoasida Martines bilan birga o'ynaganidan keyin uni klubga olib kelish fikrini ilgari sura boshladi. Qolaversa, Chempionlar ligasi doirasida “Inter” safida Martines “Barselona”ga qarshi ajoyib o'ynadi. Bu ham Messining e'tiboridan chetda qolmadi. Qolaversa, Martines endigina 22 yoshga to'ldi. Bu u hali kamida 5-6 yil yuqori darajada o'ynay olishi mumkin, degani. Agar o'z ustida ishlashni to'xtatmasa, albatta. Bu esa futbolchining o'ziga bog'liq bo'lgan holat. Shu bois ham Messi Martinesning “Barselona”ga kelishini istagandi.

Ayni damda Kataloniya klubi rahbariyati Suaresni sotmoqchi ekanligi haqida ba'zi-ba'zida xabarlar chiqmoqda. Agar chindan ham ushbu transfer sodir bo'lsa, “Barselona” Martinesni sotib olishga urinib ko'rinishi tabiiy. Argentinalik yosh iqtidor esa tajribali hamyurtidan ko'p narsani o'rganishi tabiiy.

Bundan tashqari, Martinesning o'zi hozircha “Inter”dan ketmagani ma'qul. Chunki Konte undan qanday foydalanish kerakligini topa oldi, Lautaro italiyalik mutaxassisning ishonchini qozonishga erishdi. Shu bilan birga, Milan klubi oldiga katta maqsadlarni qo'ygan, Konte bu yil kamida A seriya chempioni bo'lmoqchi. Uning rejalarida, shuningdek, EChL g'olibligi ham bo'lsa, ajab emas. Martines esa bunday katta maqsadlarni ko'zlagan klubning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Bu katta gap 22 yoshli futbolchi uchun. Aytaylik, “Inter” mavsum yakunida A Seriya g'olibi bo'ldi, Martines esa Italiya chempionligini qo'lga kiritdi. Bu sovrin Lautaro uchun qishda “Barselona” safiga o'tishdan-da quvonchliroq bo'ladi. Axir Italiya chempioni bo'lish kichkina sovrin emas.

Antonio Kontening kelishi “Inter”da ko'p narsani o'zgartirgani haqida oldin ham aytib o'tgandik. Shu paytga qadar boshqa murabbiylar qo'l ostida mudrayotgan futbolchilar endilikda maydonda yayrashyapti. Biz esa Martines va uning jamoadoshlariga omad tilab qolamiz.

Nizomjon ISLOMOV

 


Manbaa: stadion.uz

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив



O'zbekiston va jahon futboli yangiliklari - chempionatlar, derbilar, uchrashuvlar, video lavxalar, sharxlar, uchrashuv vaqtlari va boshqa futbol yangiliklari. Yevropa ligasi, chempionlar ligasi, osiyo kubogi, jahon chempionati, Angliya premyer-ligasi, Ispaniya La Ligasi, Italiya A seriyasi, Germaniya Bundesligasi, Fransiya Liga 1, Rossiya Premyer-liga barchasi SOCCER.UZ saytida