Yangiliklar

«Oltin to'p» nega aynan Messiga berildi?

«Oltin to'p» shunday mukofotki, aniq bir mezonga ega emas. Ovoz beruvchilar esa ba'zan aql, ba'zan hissiyotga tayanib qaror qilishadi. «Oltin to'p» – bu individual mukofot, lekin u bir yili u eng kuchli o'yinchiga, boshqa yili esa o'z jamosini g'alabaga ruhlantirgan futbolchiga beriladi.

O'tgan yilgi taqdirlash marosimini hech kim unutmaydi. Luka Modrich, Chempionlar ligasida g'alaba qozonish yo'lida "Real" ning muhim qismi bo'lgan xorvatiyalik yarim himoyachi va jahon chempionati finaliga chiqqan Xorvatiya terma jamoasining ajralmas qismi sifatida «Oltin to'p»ni qabul qildi.

Ammo Modrich haqiqatan ham o'sha yilning eng kuchli futbolchisi bo'lganmi? Zo'rg'a. Ammo bu tanlov edi va uni adolatsiz deb atash mumkin emas. Agar o'sha paytda Ronaldu "Oltin to'p" ni qo'lga kiritgan bo'lsa, bu qaror ham mantiqqa to'g'ri keladi.

Shunga o'xshash vaziyat ushbu mavsumda ham yuz berdi.

Virjil van Deyk aql bovar qilmas o'yin ko'rsatdi. Yodingizda bo'lsa, Maldini yoki Nesta, Tyuram va Kannavaro, Vidich va Ferdinand kabi buyuk himoyachilar haqida necha yil davomida gapirib keldik. «Dunyoning eng yaxshi markaziy himoyachisi kim?» degan savolga Serxio Ramos deb javob berdik. Keyin esa kutilmaganda van Deyk paydo bo'ldi. Devor himoya, xarizmatik etakchi va hujumda yordamchi.

Gollandiyalik himoyachi bu yil Chempionlar ligasini yutdi, Angliya chempioni bo'lishga juda yaqin keldi va Millatlar Ligasida ham zafardan bir qadam narida qoldi. Ammo u jamoasining eng yaxshi o'yinchisimi?

Yurgen Klopp «mersisaydliklar»dan ajoyib «shirinlik» tayyorladi. "Liverpul" ning qanot himoyachilari bu mavsumda g'ayrioddiy darajalarga erishishdi. Muhammad Saloh o'tgan yilga nisbatan biroz susaydi, ammo hujumda hali ham asosiy rolni o'ynab kelmoqda, Sadio Mane esa yanada yaxshilandi. Roberto Firmino – yashirin qurol.

Van Deyk bu «qizillar»ning ajralmas qismidir. "Liverpul"da bunday iqtidorlar ko'p va ularning barchasini dunyoning eng yaxshi murabbiyi bog'lab turadi. Bundan tashqari, ehtimol Kloppning uslubi van Deykni shunday yirtqich futbolchiga aylantirgan bo'lishi mumkin. Yo'q, biz Virgilning iste'dodini kamsitmaymiz, ammo Joel Matipni eslang. Hatto 2-3 yil oldin ham hamma Kloppni bunday past darajadagi futbolchilarga ishongani uchun qoralagandi, ammo Matip nimalar qilganini yaxshi bilasiz.

Messi-chi? «Barselona» qachon bunday yomon o'yin ko'rsatganini eslash qiyin. Ernesto Valverde jamoasi bir yildan beri yaxshilanmaydi, rahbariyat almashmaydi, ijobiy o'zgarish yo'q. Bunday vaziyatlarda argentinalik futbolchi o'z jamoasini sudrab yurishi kerak. 2019 yilda "Barsa" Messi maydonga tushgan o'yinlarda nechchi marta yutqazgan? 4 marta. Messi maydonda bo'lmagan o'yinlarda-chi… Bunda ham 4 marta. Ammo unutmang, «Barselona» Messisiz 9 ta o'yin o'tkazgan. Ya'ni Messisiz o'tgan o'yinlarning deyarli teng yarmida mag'lubiyat qayd etilgan…

Luka Modrich "Oltin to'p"ni qo'lga kiritgani, Leo beshinchi o'ringa tushib qolganidan keyin Messi 17 ta o'yinda 23 ta gol urdi va 9 ta assistni amalga oshirdi. Keyin esa bu sodir bo'ldi.

Endi tasavvur qiling. "Barsa" va "Liverpul" o'rtasidagi EChL dagi o'yinlarda:

– agar birinchi o'yinda Dembele kamida uchta imkoniyatning bittasidan foydalanganida;

– agar Xenderson qo'pol harakati uchun chetlatilganida;

– agar Messi yakkama-yakka vaziyatga chiqargan paytida Suares unumli foydalanganida;

– oxirida "Barsa" himoyachilari burchak zarbasiga tayyor bo'lishganida nima bo'lardi?

Tasavvur qiling.

Agar bulardan biri yuz bersa va "Liverpul" emas, "Barselona" Chempionlar ligasi finaliga chiqsa, van Deyk haqida gapirarmidingiz? "Oltin to'p"ning haqiqiy sohibi haqida nima degan bo'lardingiz?

Leo Messi, shubhasiz, bu yilgi eng yaxshi individual o'yinni namoyish etdi. U Evropaning eng yaxshi to'purari va eng yaxshi assistentga aylandi, bunga qanday erishish mumkin? U Ispaniya chempionatining eng yaxshi o'yinchisi deb topildi, Chempionlar Ligasining eng yaxshi hujumchisi, Chempionlar Ligasining eng yaxshi to'purari bo'ldi.

Leoning hisobida 54 ta gol va 23 ta asist bor. Ba'zi sabablarga ko'ra, bunday statistika odatdagidek qabul qilinmayapti, masalan, xuddi o'sha Andrey Shevchenko o'zining "Oltin to'pi"ni bir yilda atigi 27 ta gol bilan qo'lga kiritgani kabi. Nega bunday? Chunki Messi va Ronaldu bizni ko'p gollarga o'rgatib qo'ygan.

Xulosa shu, barcha futbolchilar orasida yilning eng yaxshi o'yinini namoyish etgan futbolchi Messi bo'ldi.

 


Manbaa: stadion.uz

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив



O'zbekiston va jahon futboli yangiliklari - chempionatlar, derbilar, uchrashuvlar, video lavxalar, sharxlar, uchrashuv vaqtlari va boshqa futbol yangiliklari. Yevropa ligasi, chempionlar ligasi, osiyo kubogi, jahon chempionati, Angliya premyer-ligasi, Ispaniya La Ligasi, Italiya A seriyasi, Germaniya Bundesligasi, Fransiya Liga 1, Rossiya Premyer-liga barchasi SOCCER.UZ saytida