Yangiliklar

Birinchi bo'limdan so'ng: biz ko'p mudrayapmiz

Janubiy Koreyaga qarshi o'yinning birinchi bo'limi, tan olishim kerak, men kutgandek o'tmadi. Xitoyga qarshi o'yindan keyin ochig'i bugungi bahsda futbolchilarimizdan ko'proq narsa kutgandim.

Dunyo futbolida shunday klublar bor: o'yinning dastlabki 10 daqiqasida shturm uyushtiradi. Ayniqsa, raqib o'zidan kuchli bo'lmasa. Bugun Janubiy Koreya o'yinni ana shunday taktika bilan boshladi. Aslida, koreyslar deyarli hamma o'yinni shunday o'tkazishadi. Buni biz bilardik, futbolning ashaddiy muxlislari ham bilardi, ehtimol, Drulovich va futbolchilar ham bilar. Ammo ana shu taktikaga qarshi tayyorgarlik ko'rishmagani sezildi.

Bugun bizga bir jihat pand berdi: dovdirash. Futbolchilarimizga raqib hujum uyushtirganda ichki xotirjamlik etishmayapti. Dovdirashyapti, to'pni hatto raqibga uzatib berishyapti, ba'zan 3-4 nafar himoyachimiz bir joyda turib qolib, raqib futbolchisi ochiq qolib ketyapti.

Gol ham raqibni tuzukroq o'rganmaganimiz natijasida kiritildi. Chunki koreyalik futbolchilarning uzoqdan zarba yo'llashlarini bilardik, ammo xuddi shu usulga qarshi chora qo'llay olmadik. Natijada gol urildi.

Bugungi o'yin uchun taktika tanlashda Amerika ochish shart emasdi. Bizda ikkita yo'l bor edi: yo birinchi raqam ostida hujumkor o'ynash, yoki ikkinchi raqam ostida harakat qilib qarshi hujumda raqibni tutish. Har ikkala holatda ham pressing qilish. Birinchi usul bizga to'g'ri kelmaydi: chunki raqib Janubiy Koreya, qolaversa, tarkibda kuchli raqibga qarshi hujumkor o'ynaydigan yigitlar juda kam. Demak, ikkinchi taktikani qo'llash kerak edi. Ammo o'yinda ko'rindiki, ikkinchi taktika ham qo'llanmadi. Yo Drulovich buni tushunib etmagan, yoki tarkibimizda qarshi hujumga yaraydigan futbolchilar ham, afsuski, kam.

Birinchi bo'limdagi o'yinda menga yoqmagan jihat: futbolchilarda jonkuyarlik yo'qdek, borini berib o'ynash yo'q. Sharhlovchi Bobur Akmalov aytganidek, yonidan o'tib ketayotgan to'pni oyoq uzatib to'xtatib qolish yo'q futbolchilarimizda, ya'ni oxirigacha harakat qilish, har qanday holatda ham urinib ko'rish xislati etishmayapti.

Bir jihat aniq, agar Janubiy Koreyaga g'alaba suv va havodek zarur bo'lganida birinchi bo'limning o'zida kamida ikkita gol o'tkazardik. Balki, ikkinchi bo'limda hammasi iziga tushar.

 Nizomjon ISLOMOV


Manbaa: stadion.uz

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив



O'zbekiston va jahon futboli yangiliklari - chempionatlar, derbilar, uchrashuvlar, video lavxalar, sharxlar, uchrashuv vaqtlari va boshqa futbol yangiliklari. Yevropa ligasi, chempionlar ligasi, osiyo kubogi, jahon chempionati, Angliya premyer-ligasi, Ispaniya La Ligasi, Italiya A seriyasi, Germaniya Bundesligasi, Fransiya Liga 1, Rossiya Premyer-liga barchasi SOCCER.UZ saytida