Yangiliklar

Keyingi bosqichga chiqdik, ammo, baribir, o'sha gap

Janubiy Koreyaga qarshi kechgan ikkinchi bo'limimiz birinchisiga qaraganda nisbatan yaxshiroq kechdi. Hartugul, futbolchilarimiz faolroq o'tkazishdi.

Lekin birinchi bo'limda biz ta'kidlagan kamchiliklar ikkinchi bo'limda ham to'liq bartaraf etilgani yo'q. Mudrashdan uyg'onib, u yoq-bu yoqqa harakat qila boshlaganimiz rost, lekin hal qilishimiz kerak bo'lgan muammolar ko'p.

Umumiy o'yinni ko'rib, menda shunday fikr uyg'ondi: futbolchilarimizda o'zlariga bo'lgan ishonch etishmadi. Ruhiy holatda hamon muammolar bor.

Ikkinchi bo'limda ham ko'zga tashlangan kamchilik – futbolchilar o'rtasida o'zaro bog'liqlik yo'qligi. Bugungi futbolchilar negadir bir-birlarini tushuna olishmadi.

Menga yoqmagan yana bir jihat: futbolchilarning jismoniy holati. Kerak bo'lmagan paytda charchab qolishyapti, kuch to'g'ri taqsimlay olish borasida muammolar bor.

Ikkinchi bo'lim oxirlarida, ayniqsa, ikkinchi golni urishganidan keyin yosh bolalarcha o'ynay boshladik. Charchab qolishdi yigitlarimiz, to'pni bir-birlariga uzata olishmadi yigitlarimiz, oddiy holatda to'pni qabul qila olishmadi yigitlarimiz. O'yin oxirida esa yutqazayotgan jamoaga o'xshamadik.

Xullas, hozirgi Olimpiya terma jamoamizda hal qilish zarur bo'lgan muammolar:

1. Jismoniy holat. Yo tarkibdagi futbolchilarni o'yinni to'liq o'tkaza oladigan holatga keltirish kerak, yoki jismoniy holati talabga javob beradigan futbolchilarni tarkibga jalb qilish kerak. Yoki jismoniy holatni to'g'ri taqsimlay olaylik.

2. Ruhiy holat. Raqib kuchli ekanligini eshitib, ismini ham unutib qo'yadigan futbolchilarga tarkibda joy yo'q. Terma jamoa murabbiylar shtabida futbolchilarning ruhiy holatiga javobgar mutaxassis bo'lishi kerak. Futbolchilarning o'yindagi ruhiy holati talabga javob bermadimi, murabbiy javob bersin. Agar futbolchini ruhiy jihatdan tarbiyalash imkoni bo'lmasa, javobini berish lozim.

3. Taktika. Uchta o'yinda ham bir xil muammolar ko'zga tashlandi. Bu shuni anglatadiki, kamchiliklar ustida ishlanmayapti. Yo Drulovich taktik jihatdan muammolarni hal qila olmayapti, yoki tarkibdagi futbolchilar bunga yaramaydi. Tamom. Yo Drulovichni, yoki tarkibni o'zgartirish lozim.

4. Sovuqqonlik. Bu murabbiyga ham, futbolchilarga ham tegishli. Janubiy Koreyaga qarshi o'yinda ikkinchi golni 70-daqiqada o'tkazdik. Nahotki shundan keyin o'zgartirish qilishning imkoni bo'lmasa? O'yin tugayotgan paytda, hatto Ronaldu yoki Messi ham nimadir qilishga imkon topolmaydigan darajada kam vaqt qolganida o'yinchi almashtirish nimaga kerak? Birinchidan, vaqt kam, ikkinchidan o'zimizning vaqtimizni o'zimiz yo'qotamiz. Nahotki Drulovich maydonga yangi tushadigan futbolchiga nimadir qilish uchun ko'proq vaqt kerakligini tushunmasa, ayniqsa, u futbolchi O'zbekiston termasida o'ynayotgan bo'lsa…

Futbolchilar borasida ham shu. Bizning futbolchilar hamon kerakli qaror chiqarishga yanglishishyapti. Yaxshiboev zarba berish kerak paytda aldaydi, boshqalari tepish kerak bo'lmagan paytda tepadi. Murabbiy futbolchilarda "futbolcha qarash"ni shakllantirishi lozim.

Keyingi bosqichga chiqdik. Ammo Eron ishonchli hisobda yuta olmagani, kerakli gollarni ura olmagani, shu bilan birga, Janubiy Koreya jon berib o'ynamagani, vaziyatlardan foydalana olmagani evaziga keyingi bosqichga chiqdik. Demakki, bu bilan quvonib bo'lmaydi. Yuqoridagi va biz ta'kidlamagan boshqa kamchiliklarni tuzatish lozim. Umid qilamizki, keyingi o'yinda xuddi shu tarkib maydonga tushmaydi, bugun «qovun tushirgan» futbolchilar almashtiriladi va boshqacha o'yin guvohiga aylanamiz.

Nizomjon ISLOMOV


Manbaa: stadion.uz

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив



O'zbekiston va jahon futboli yangiliklari - chempionatlar, derbilar, uchrashuvlar, video lavxalar, sharxlar, uchrashuv vaqtlari va boshqa futbol yangiliklari. Yevropa ligasi, chempionlar ligasi, osiyo kubogi, jahon chempionati, Angliya premyer-ligasi, Ispaniya La Ligasi, Italiya A seriyasi, Germaniya Bundesligasi, Fransiya Liga 1, Rossiya Premyer-liga barchasi SOCCER.UZ saytida