Ispaniya La Ligasi

La liga. «Barselona» «Sevilya» taslim etdi (videosharh)

Mavsumni u qadar yaxshi boshlay olmagan "Barselona" klubi, oktyabr oyiga kelib ancha o'ziga kelib oldi. Bundan 4 kun avval "Inter" ustidan irodali g'alabaga erishgan kataloniyaliklar ke4cha oqshom "Sevilya"ni yirik hisobda mag'lub etishdi.

Andalusiyaliklar o'yinni juda yaxshi boshlashdi. Ular uchrashuvning dastlabki 25 daqiqasi ichida raqib darvozasini 4 marta ishg'ol qilishlari mumkin edi. Bir marta ter Shtegen seyv namoyish qilgan bo'lsa, 3ta vaziyatda "Sevilya" futbolchilariga aniqlik etishmadi.

"Barsa"ning dastlabki xavfli hujumi esa gol bilan yakunlandi. Semedu chap qanotdan etkazgan uzatmani Luis Suares chalqancha uslubdagi zarba bilan raqib darvozasiga joylab qo'ydi.

Oradan 5 daqiqa o'tib, Artur jarima maydonchasi ichida ochilayotgan Vidalni payqadi va uzatma berdi. Chililik futbolchi yakkama-yakka vaziyatda to'pni darvozaga burib yubordi. Oradan yana 4 daqiqa o'tib esa mezbonlar hujumda pressing ishlatib, raqib himoyachisini xato qilishga majbur qilishdi. To'pni egallagan Dembele bir himoyachini aldagancha darvozabonni dog'da qoldirdi — 3:0.

Ikkinchi bo'lim boshida Artur o'z jarima maydoni chizig'i ustida to'pni raqiblarga oldirib qo'ydi. Okampos tomonidan yo'llangan zarba natijasida to'p ustunga tegib qaytdi.

O'yin tugashiga 12 daqiqa qolganida esa Messi jarima zarbasini golga aylantirib, mavsumdagi ilk golini urishga muvaffaq bo'ldi.


Darvoqe, o'yin so'ngida "Barsa"ning ikki nafar futbolchisi maydondan chetlatildi. Zaxiradan maydonga tushgan va o'zining debyut o'yinini o'tkazayotgan markaziy himoyachi Arauxo darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotgan hujumchini yiqitgani uchun maydondan chetlatilgan bo'lsa, Usmon Dembele ushbu vaziyatda hakamni so'kkani bois qizil kartochka oldi.


Ushbu g'alabadan keyin "Barselona" o'z ochkolarini 16taga etkazib, jadvalda 2-o'ringa ko'tarilib oldi. "Real" esa 18 ochko bilan peshqadam bo'lib turibdi. "Atletiko" hisobida 15 ochko mavjud.

Ispaniya La ligasi, 8-tur
Barselona – Sevilya 4:0 (3:0, 1:0)
Gollar: 1:0 – 27 Suares, 2:0 – 32 Vidal, 3:0 – 35 Dembele, 4:0 – 78 Messi.
Barselona – ter Shtegen, Serji Roberto, Todibo (Arauxo, 73), Pike, Semedu, Vidal (Rakitich, 70), de Yong, Artur (Buskets, 65), Messi, Suares, Dembele.
Sevilya – Vatslik, Navas, Diego Karlos, Karrisu, Regilon, Banega, Fernando, Oliver Torres (Jordan, 46), Okampos, de Yong (Ernandes, 65), Nolito (Munir, 46).
Ogohlantirishlar: Regilon (22), Karrisu (34), Semedu (39), Dembele (53), Suares (64), Pike (85), Buskets (88), Banega (90).
Chetlatishlar: Arauxo (87), Dembele (88).


Manbaa: stadion.uz

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив