Osiyo kubogi

AFC U23. O'zbekiston–Eron: 1–1: bilinmayapti, sezilmayapti, ko'rinmayapti...

Hozirgina Tailandda boshlangan musobaqada terma jamoamiz birinchi o'yinini o'tkazdi. Eron yoshlariga qarshi.

Osiyo chempionati U23

C guruhi

1-tur
O'ZBEKISTON — ERON 1:1

Gollar: Islom Qobilov (40, penaltidan) — Rizo Dehqoniy (57).

Tailand. «Songxla» stadioni, 4 180 tomoshabin.

O'zbekiston: Abduvohid Ne'matov, Islom Qobilov, Husniddin Aliqulov, Hojiakbar Alijonov, Ilhom Alijonov, Abdulla Abdullaev, Azizjon G'aniev, Nurilla To'xtasinov (Oybek Bozorov, 67), Sanjar Qodirqulov (Islom Kenjaboev, 85), Jasur Yaxshiboev, Bobur Abduxoliqov.
Eron: Habib Farabasi, Mojtaba Nazarian, Mehdi Mehdikani, Allahyar Sayyadmanesh, Rizo Shekari, Rizo Dehqoniy, Muhammad Mohebbi (Ja'far Sulaymoniy, 84), Ali Shojai (Mehdi Gaidi, 46), Matin Karimzadeh, Omid Nor Akfan, Orif Agasi

Endi o'yin haqida. O'yin yaxshi deb bo'lmaydi. Chunki raqib oldida kamchiliklarimiz talaygina ekani ko'rinib qoldi.

Butun o'yin davomida chiroyli kombinatsion hujum ko'rmadik, aniqrog'i, xavfli zarba bilan tugagan hujumni deyarli ko'rmadik.

Drulovich shogirdlari mazkur o'yinga qadar bir qator o'yinlar o'tkazishdi. Bunday o'yinlar, odatda, asosiy o'yinga tayyorlanish vazifasini o'tashi kerak edi. Bungacha bo'lgan o'yinlar yaxshi kechgandi, futbolchilarimizda ko'zga ko'rinarli xatti-harakatlarni amalga oshirishgandi. O'yin sifati yomon emasdi. Ammo bugun ana shu narsa bilinmadi.

Bugun menga bir jihat yoqmadi – ikkita vaziyatda futbolchilarimiz yaqqol vaziyatda gol urish uchun zarba yo'llash o'rniga penalti ishlashga urinib, «artistlarcha» yiqilish. Tabiiyki, bosh hakam bunday aldovlarga uchmadi. Janob Drulovich, futbolchilarga kerakli vaziyatda penalti ishlashni emas, kerakli vaziyatda zarba yo'llab gol urishni o'rgating.

Menga yoqmagan ikkinchi jihat – futbolchilarimiz o'rtasida bog'liqlikning yo'qligi. Ko'p hollarda bir futbolchi uzatgan to'pni ikkinchisi qabul qilishga qiynaldi yoki futbolchining o'zi noaniq uzatmani amalga oshirdi. Janob Drulovich, bu kamchilik ustida ham ishlashingiz kerak.

Futbolchilarda ruhiy holat, sovuqqonlik etishmayapti. Shoshib qolishyapti, bizda yaxshigina vaziyatlar bo'ldi, ammo futbolchilarimizning dovdirashi oqibatida vaziyatlarni ko'kka sovurdik, janob Drulovich, ishlang. Futbolchilarga qachon qanday qaror qabul qilish kerakligini, sovuqqonlikni o'rgating. Chunki bu kamchilik bir yoki ikki marta emas, ko'p bora ko'zga tashlandi.

Himoya juda yomon o'yin ko'rsatdi bugun. Eronning goli himoyamizga qo'yilgan «0» baho bo'ldi. Bir futbolchi nimalar qilganini ko'rdingiz-a. Bu himoyamiz uchun sharmandali holat,

Futbolchilarning individual mahoratlari ustida ancha ishlash kerak. To'pni to'xtatish, uzatma berish, kerakli qaror chiqara bilish, kuchli, aniq zarba yo'llash. Shu bilan birga, qachon aldash kerag-u, qachon to'pni tepib yuborish kerak, qachon uzatmani amalga oshirish lozimligini ham o'rgatish lozim.

Sharhlovchi Murod Rizaev aytganidek, bugun biz raqibning yaqqol vaziyatlaridan gol ura olmagani tufayli durangga erishdik. Vaholanki, Eron xatolarimiz uchun bizni jazolashi mumkin edi.

Xulosa shu, janob Drulovich, bugun maydonda bir nechta o'rtoqlik o'yinida o'ynab, rasmiy o'yinga tayyor bo'lganlarni ko'rmadik. O'yindan oldin bir necha marta «Olimpiyachilarimiz o'yinga tayyor», kabi jumlalarni o'qidim, ammo keyin ma'lum bo'ldiki, biz tayyor emasmiz. O'yin yomon emas, ammo aniqlik, sovuqqonlik, aqlli fikrlash kabi jihatlar etishmayapti. Hali ishingiz ko'p, janob Drulovich, ko'p…


Manbaa: stadion.uz

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив