Yevropa chempionlar ligasi

Ishtiyoq tajribaga qarshi. Barchasi «Ayaks»—«Real Madrid» bellashuvi haqida (prevyu)

Ko'pchilik intiqib kutgan Evropa Chempionlar Ligasining pley-off bosqichi o'yinlari boshlandi. Birinchi kungi o'yinlar ham yomon o'tmadi.

Ole-Gunnar Sulsher qo'l ostida mag'lubiyatsiz odimlayotgan «Manchester Yunayted» jamoasi Neymar va Edinson Kavanisiz qolgan PSJga o'z maydonida yutqazgan bo'lsa, Rimdagi «Olimpiko» stadionida mezbon «Roma» klubi Portugaliyaning «Portu»sini qabul qilib, 2:1 hisobida g'alabaga erishdi.

Bugun, 13-fevral chorshanba kuni 1/8 final o'yinlari davom ettiriladi. Xususan, Chempionlar Ligasining amaldagi g'olibi, Madridning «Real» jamoasi Amsterdam shahrida «Ayaks»ga qarshi bahs olib boradi. Quyida ushbu uchrashuv haqida ma'lumot berib o'tamiz.

Qur'a tashlangan vaqtda barcha birdek «Real»ning favorit ekanligi haqida bong urdi. Orada «Qirollik klubi» Xulen Lopetegini ishdan haydab, uning o'rniga Santyago Solarini olib keldi.

Jamoa o'yini yana avvalgidek barqarorlashdi. Bu esa Madrid klubining mazkur juftlikda asosiy favorit sifatida e'tirof etilgani bejiz emasligini yana bir bor eslatayotgandek.

Solari shogirdlari ortda qolgan haftada ikkita jiddiy sinovdan o'tdi. O'tganda ham eson-omon o'tib oldi.

Ispaniya Kubogi doirasida «Kamp Nou»da «Barselona» bilan 1:1 hisobida durang qayd etgan bo'lsa, oradan uch kun o'tib, «Vanda Metropolitano» stadionida «Atletiko Madrid»ni 3:1 hisobida taslim qila oldi.

Demak, «Real» bu o'yinga nafaqat favorit, balki yuqori kayfiyatda ham kelmoqda. Bu esa «Ayaks»ning ishini yanada qiyinlashtiradi. Amsterdam klubining Niderlandiya chempionatida ishlari hozircha ko'ngildagidek emas.

Jamoa Erediviziyaning so'nggi 5 ta bellashuvidan 2 tasida mag'lub bo'ldi. Bir hafta oldin «Venlo» klubini 6:0 hisobida enggan «Ayaks» o'tgan turda «Herakles»ga 0:1 hisobida yutqazib qo'ydi. Klub milliy chempionatning so'ng turida faqatgina PSVning(Eyndxoven klubi durang qayd etdi) ochko yo'qotganligidan xursand bo'lishi mumkin, xolos.

Tarkiblar haqida «Real»

«Real»da Iskoning maydonga tushmasligi aniq. Solari kelgandan beri zaxirada qolib ketayotgan ispaniyalik iqtidor sohibi ayni damda jarohatini davolash bilan band.

Shuningdek, jamoada sekin-asta o'z o'rniga ega bo'lib borayotgan Markos Lyorente «Barselona»ga qarshi bahsda olgan jarohatini davolatish bilan ovora.

Ma'lum bo'lishicha, tanqidlarga qaramay jamoada ketma-ket gollar urayotgan Karim Benzema ayni chog'da individual tarzda mashg'ulotlarni olib bormoqda.

So'nggi ma'lumotlar ko'ra esa Rafael Varan jarohati bois bellashuvni o'tkazib yuborishi kutilmoqda. Xullas, Madrid klubi bir nechta yo'qotishlarga ega, biroq bu jamoaning o'yiniga katta ta'sir ko'rsatmasligi haqiqatga yaqin.

«Ayaks»

Amsterdam klubida ham muammolar etarlicha topiladi. Qishki transferlar vaqtida «Barselona» bilan shartnoma imzolagan (ammo 2019-yil 1-iyunidan Kataloniya klubi safida to'p suradi) jamoa etakchisi Frenki de Yong endigina jarohatdan forig' bo'ldi. Shuningdek, jamoaning yana bir yarim himoyachisi Karel Eyting maydonga tusha olmaydi. U jarohat sabab deyarli bir oyga safdan chiqqan. Bundan tashqari argentinalik Nikolas Talyafikoning «Real»ga qarshi o'ynashi ham hamon so'roq ostida turibdi. Nima bo'lgan taqdirda ham «Ayaks»ga bugun oson bo'lmasligi aniq.

Qiziqarli faktlar «Ayaks»ning Evropa Chempionlar Ligasida o'z maydonida o'tkazgan so'nggi 6 ta o'yinidan 4 tasida raqiblar bitta ham gol ura olmagan; «Real» ishtirokidagi Evropa Chempionlar Ligasidagi so'nggi 6 ta o'yindan 5 tasida raqiblar gol ura olmagan. Chempionlar Ligasida ikkala klubning so'nggi 5 ta bellashuvida jamoalar 2 tadan ko'proq gol kiritgan. «Real» «Ayaks»ni so'nggi 6 ta o'yindan beri yutib keladi. «Ayaks» 16 yildan beri Chempionlar Ligasi chorak finaliga chiqa olmayapti. «Real» 23-marta Chempionlar Ligasi pley-offiga chiqdi. Bu musobaqa tarixidagi rekord hisoblanadi. Chempionlar Ligasida «Ayaks» o'z maydonida eng yirik mag'lubiyatni «Real»dan qabul qilgan. Jamoa 2010-yil 23-noyabrda «Qirollik klubi»ga 0:5 hisobida yutqazgan. Uchrashuv hakami

O'yinni sloveniyalik Damir Skomina boshqarib boradi. Skomina 2018/19-yilgi futbol mavsumida 5 ta xalqaro o'yinda ishladi. U bu o'yinlarda 22 ta sariq kartochka ko'rsatgan. Bitta o'yinga o'rtacha — 4,4 tadan. Qizil kartochka ko'rsatishga qo'li bormagan. Bitta o'yinda o'rtacha 25 ta qoida buzilishini qayd etgan.

 

Taxminiy tarkiblar

«Ayaks»: Onana – Mazraui, De Ligt, Blind, Talyafiko – de Yong, van de Beek, Shone – Ziyosh, Dolberg, Tadich.

«Real Madrid»: Kurtua – Karvaxal, Ramos, Varan, Regilon – Modrich, Kazemiro, Kroos – Beyl, Benzema, Vinitsius Junior.

O'yindan oldin fikrlar

"Frenki de Yong hozirda soppa-sog'. U «Real»ga qarshi o'yinni boshqalar kabi intizorlik bilan kutmoqda. Top jamoalar haddan tashqari hujumkor o'yin namoyish etish bilan birga, yopiq o'yin ko'rsatgan holda raqibni qarshi hujumda jazolashga qodir.

«Real»da tajribali jamoa bor. Madridda Serxio Ramos, Toni Kroos, Luka Modrich, Karim Benzema va bir qator yoshlar ham bor. Ijobiy natija qayd eta olsak juda yaxshi bo'lardi. Biz Amsterdamda har qanday jamoaga qarshilik ko'rsatishga qodirmiz.

Erik ten Hag, «Ayaks» bosh murabbiyi

 

Hozircha Marseloning maydonga tushishi yok tushmasligi haqida bir narsa deya olmayman. U ajoyib inson va futbolchi. U «Real»ning ikkinchi raqamli sardori, jamoa ramzi. Marselo «Real» qiziqishlarini barcha narsadan ustun qo'yadi, mashg'ulotlarda esa borini beradi. Biz uni yaxshi ko'ramiz. «Ayaks»da yaxshi futbolchilar bor. Jamoa kombinatsion o'yin ko'rsatmoqda. Raqibga hurmat bilan qarash lozim. Uch kun oldin bo'lgani kabi yaxshi harakat qila olishimizga umid qilaman. Bu stadiondan yorqin xotiralar qolgan. Yaxshi xotiralar davom etadi degan umiddaman. Santyago Solari, «Real» bosh murabbiyi

Evropa Chempionlar Ligasi

1/8 final bahslari

13-fevral, chorshanba

«Ayaks»—«Real Madrid» 01:00

Uchrashuv hakami: Damir Skomina

скачать dle 12.1
Fikr bildirish

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив