1000.png
Toshkent +21°C
Sport yangiliklari » Yevropa Futboli » Futbolchilar uchun eng yaxshi sovrin qaysi? Messi va Ronalduning faoliyatida bunday voqea bo‘lganmi?
Barcha xabarlar

Futbolchilar uchun eng yaxshi sovrin qaysi? Messi va Ronalduning faoliyatida bunday voqea bo‘lganmi?

 

Dekabr oyida “oltin to‘p” topshirish marosimi bo‘lishi haqida xabaringiz bo‘lsa kerak. Lekin keling, bu safar o‘sha sovrin haqida emas, aksincha boshqa yutuq haqida gaplashsak. Aksariyat jamoa muxlislari raqib jamoasining futbolchilarini yoqtirmaydi va shu tufayli ularni olqishlashmaydi. Stadion.uz quyida mehmonda raqib jamoasi muxlislaridan olqish olgan yulduzlar haqida fikr yuritadi.

Messi va “Betis” muxlislari

O‘sha paytda Ispaniya chempionati peshqadami bo‘lib turgan kataloniyaliklar “Benito Vilyamarin”da mehmon bo‘lishgan edi. Yakunda “Barselona” raqibini 1:4 hisobida taslim etgan va o‘sha o‘yinda Leo 3ta gol urgan edi. Uning har bir goli juda ham chiroyli bo‘lgandi. Avvaliga Messi jarimadan to‘p kiritgandi. Keyin esa Suaresning pasini darvozaga joylab qo‘ygan Messining yakuniy goli daxshatli gol bo‘lgandi. “Parashyut” zarbani mohirona yo‘llagan “sehrgar”ning zarbasini Pau Lopes qaytara olmagan edi. Shu gol nishonlanish paytida g‘ayrioddiy holat yuz berdi. Yashilga burkangan stadiondagi har bir muxlis o‘rnidan turib Leoni olqishlashar edi. Menimcha, futbolchi uchun raqib jamoasi darvozasiga gol kiritib ulardan oliqish olishdanda yaxshi sovrin bo‘lmasa kerak. “Betis” muxlislari Messini haqorat ham qilmadi. Shunchaki olqish jarayonida “Barselona” muxlislari bilan birgalikda Messi haqidagi qo‘shiqni kuylashdi. Bunaqasi kam bo‘lsa kerak. Messi ham o‘yin yakuniga yetgach, “Betis” muxlislariga minnatdorchilik bildirgan.

Ronaldinyo va “Real” muxlislari

Bunaqasi tarixda sanoqli bo‘lsa kerak. Azaliy raqiblar o‘rtasidagi bahsda raqib jamoasining futbolchisiga tan berib, olqishlashi kuzatilishi albatta tarixiy voqea. Ronaldinyo “Santyago Bernabeu”da olqish olgan kam sonli futbolchilardan biri hisoblanadi. 2005 yil bo‘lib o‘tgan bahsda “Barselona” mehmonda “Real”ni 0-3 hisobida mag‘lub etgan edi. Braziliyalik o‘sha uchrashuvda 2 bor gol kiritgan va ikkisi ham aqlbovar qilmas darajadi gol bo‘lgan. Ayniqsa Iker Kasilyasning darvozasiga kiritilgan ikkinchi goldan so‘ng butun “Bernabeu” oyoqqa turib “afsungar”ni olqishlashgan. Haqiqatdan Ronaldinyoning o‘yiniga tan bermagan muxlis bo‘lmasa kerak. Ronaldinyo keyinchalik ham bu hodisa haqida gapirib bundan faxrlanishini ta’kidlagan.

Diyego Maradona va “Real” muxlislari

“Real”ning muxlislari raqib kuchiga tan berishni ham bilishadi. Albatta bunday muxlislar futbolda hamma jamoada ham mavjud emas. “Real” ishqibozlari tan bergan va olqishlagan yana bir “Barselona” futbolchisi bu Diyego Maradona hisoblanadi. 1982/83 yilgi mavsumda “Santyago Bernabeu”dagi o‘yinda Diyego darvozabonni ham himoyachilarni ham oson dog‘da qoldirib raqib darvozasini ishg‘ol qilganda madridliklar uni olqishlashgan. Menimcha, Diyego Armando Maradonani nafaqat o‘sha o‘yin, balki futbolga berayotganlari uchun ham olqishlashgan. Maradonani futbol tarixidagi ikki dahoning biri deb hisoblashlari bejiz emas.

Iker Kasilyas va "Liverpul" muxlislari

Kasilyas bu olqishlarni “Portu” safida olgan. Iker jamoasi bilan “Enfild”ga qadam qo‘yayotgan paytida “Liverpul” muxlislari uni olqishlagan. Shunchaki Iker ham afsonaviy darvozabon va bu olqishlar uni ancha hursand qilgan. Kasilyasning faoliyati uchun olqishlagan “Liverpul” muxlislariga keyinchalik Ikerning o‘zi minnatdorchilik bildirgan. ““Liverpul” muxlislariga o‘yindagi ishtiroki va futbolchilarni hurmat qilgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Bilasizmi, men bir necha yillardan buyon Chempionlar ligasida o‘ynab kelaman, shuning uchun aytishim mumkinki, bunday stadionga kelish va uy muxlislarining senga nisbatan qarsaklarini eshitish aql bovar qilmas narsa."

Allessandro del Pyero va “Real” muxlislari

Madridliklar olqishlagan yana bir yulduz bu del Pyero hisoblanadi. U “Santyago Bernabeu”da ikki gol kiritib raqib muxlislaridan olqishlar eshitganda 34 yoshini qarshi olishga yaqin turgandi.  "Bunday stadionda ikkita gol urish o‘z-o‘zidan ajoyib, lekin rostini aytsam, meni bunday iliq kutib olishni kutmagan edim. Buning uchun "Real Madrid" muxlislaridan minnatdorman, bu unutilmas tuyg‘ular. " Alessandro o‘yindan so‘ng shunday degan edi.

Krishtianu Ronaldu va "Yuventus" muxlislari

Portugaliyalikning “Yuventus” darvozasiga kiritgan fantastik goli hammaning yodida bo‘lsa kerak. O‘sha goldan so‘ng turinliklar Chempionlar ligasidan xayrlashishlari aniq bo‘lib ulgurgan edi. Lekin shunda ham muxlislar Krishni olqishlagan edi. Ronaldu kelasi mavsumda Turinga kelishini hech kim bilmas edi o‘shanda. Albatta uning bunday ajoyib golini olqishlamaslik mumkin emasdi.

Bunday holatlar balki futbol tarixida juda ko‘p bo‘lgandir. Lekin yuqorida eng esda qolganlariga to‘xtalib o‘tdim.

 

Mirjalol Pardaboyev tayyorladi

Xato ko'rdingizmi? Uni belgilang va Ctrl + Enter tugmachalarini bosing!
Izoh qoldirish
Или водите через социальные сети
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
300.png
600.png
So'rovnoma
Оцените работу движка
300.png

Turnir jadvali

1000.png
Top haftalik
Multimedia
1000.png